Kuzgi boshoqli don ekilgan maydonlarni sug‘orish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan “Kunjiqal’a” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati Buxoro tuman bo‘limi xodimlari tomonidan monitoring tadbirlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida, hudud bosh mirobi A.N tomonidan g‘alla maydonlarini sug‘orish uchun olingan suvlar nazoratsiz va qarovsiz qoldirilgani aniqlandi, natijada “Novmetan” ichki beton arig‘ining oqim bo‘ylab chap tomonidagi “Yangi Obod” qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi ariqning 2 metr kattalikdagi qismining sinishi oqibatida suvdan foydalanilmasdan “Novmetan” ichki tarmoq zovuriga tashlab qo‘yilganligi aniqlandi.
Qonunbuzilish holati- xolislar va mutaxassislar ishtirokida o‘rganilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Unga ko‘ra, hudud bosh mirobi A.N tomonidan suvni qarovsiz qoldirib, zovurga tashlab qo‘yganligi va suvdan foydalanishda suv iste’moli qoidalarini buzganligi uchun A.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining MJtKning 74-moddasi 2 qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida 669 ming so‘m jarima jazosi qo‘llanildi.
Yuqorida aniqlangan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmasligi va ularni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilib, hududdagi suv nazoratchilari, fermer xo‘jaliklari rahbarlariga ko‘rsatma berildi.
Qonun barchaga barobar, unga itoat qilmaganga esa jazo muqarrar.
“O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyat boshqarmasi Axborot xizmati