O‘zbekistonning jahon bozorlarida o‘z xaridorlarini topib ulgurgan quritilgan mevalari ichida, aynan mayiz mahsulotlariga bo‘lgan talab kundan-kunga oshib bormoqda.
Maʼlumki, iqlimimiz uzum quritish uchun nihoyatda qulay hisoblanadi. Mamlakatimizda issiq yozning davomiyligi, nisbiy namlikning past bo‘lishi, aʼlo sifatli mayiz navlarini yetishtirishga, quyoshli ochiq havoda va soyada meva quritish usullaridan keng foydalanishga, kam mablag‘ sarflab yuqori sifatli mahsulot olishga imkon beradi.
Qo‘shrabot tumanida ham mayiz eksporti kundan kunga rivojlanib bormoqda.
Jumladan, tumanda faoliyat yuritib kelayotgan “Qo‘rg‘on jilvasi” fermer xo‘jaligida 17,5 gektar uzum bog‘lari parvarishlab yetishtirib, o‘tgan yillar davomida xalqimiz bozorlariga sifatli mayiz mahsulotlari yetkazib kelmoqda. Tumandagi “Qo‘rg‘on jilvasi” fermer xo‘jaligi xalqaro toifadagi ISO4500:2018, ISO9001:2015, ISO2200 sertifikatlarini qo‘lga kiritgan.
“O‘zagroispeksiya”ning Qo‘shrabot tumani bo‘limi tomonidan quritilgan mevalarning sifati, eksportbopligi yuzasidan uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarga muhim tavsiyalar berib kelinmoqda. Ayni mana shunday tavsiyalar natijasi o‘laroq “Qo‘rg‘on jilvasi” fermer xo‘jaligi o‘tgan 2021 yilda mayiz mahsulotlaridan 20 tonna Qozog‘iston davlatiga, 31 tonnasi esa Rossiya Federatsiyasiga eksport qilishga erishildi.
Joriy yilda tumanimizda faoliyat yuritib kelayotgan uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tomonidan esa ushbu ko‘rsatkichlarni yana-da ko‘paytirgan holda xususan Qozog‘iston davlatiga 25 tonna va Rossiya Federatsiyasiga 50 tonna hamda boshqa xorijiy mamlakatlar bozorlarini sifatli mayiz bilan taʼminlash rejalashtirilgan.
Alisher Achilov, “O‘zagroispeksiya”ning Qo‘shrabot tuman bo‘limi boshlig‘i