Koʼchatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlari yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi hamda hududiy boshqarmalar va tuman inspektorlari tomonidan nazorat tadbirlari sifatida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 dekabrdagi “Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʼ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi toʼgʼrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 1012-sonli qarori ijrosi yuzasidan oʼrganish ishlari olib borilmoqda.
Unga koʼra, 2020 yilda respublika boʼyicha iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan, yaroqsiz jami 18,4 ming gektar bogʼzorlar aniqlanib, shundan, 12,9 ming gektari joriy yilning qish-bahor oylarida va 5,9 ming gektari kuz oylarida buzilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda kuz oylarida buzilishi rejalashtirilgan yaroqsiz bogʼzorlarning 4,6 ming gektari buzilgan holatda turganligi aniqlandi.
Shuningdek, ushbu maydonlarda yangi intensiv bogʼ tashkil etish uchun sarflanadigan koʼchatlar sonini aniqlash maqsadida akademik M.Mirzaev nomidagi bogʼdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining markaziy va hududiy filiallarida mavjud mevali daraxtlar koʼchatlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlar olinib tahlil qilindi. Unga koʼra akademik M.Mirzaev nomidagi bogʼdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining markaziy va hududiy filiallarida kuz oylarida ekish uchun tayyor mevali koʼchatlar soni jami 1 mln 647 ming donani tashkil etmoqda. Shundan, 923 ming urugʼlilar, 712 ming danaklilar va 11 ming dona yongʼoq mevali daraxt koʼchatlarini tashkil etadi.
Bugungi kunda, Respublikaning barcha hududlarida kuz oylarida iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʼ va tokzorlarni buzish ishlari davom ettirilmoqda hamda uning ijrosi boʼlim tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.
Z.Ismatov, "Oʼzagroinspektsiya", Koʼchatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlari yetishtirishni nazorat qilish boʼlimi katta inspektori