Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirishda kuzgi shudgor ishlarining ahamiyati katta. Zero, sifatli o‘tkazilgan kuzgi shudgor kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratadi.
Yerlarni sifatli va yuqori unum bilan shudgorlashga erishish uchun haydov traktor va pluglar oldindan ishga shay holga keltirilishi va sozlanishi, dalalar esa haydovga tayyorlangan bo‘lishi, haydov to‘g‘ri tashkil etilishi hamda uning sifati doimo nazorat qilib borilishi lozim bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2023 yil hosili uchun kuzgi shudgorlashni uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 240-sonli bayoniga asosan, 2022 yil hosili uchun Respublikada 1 mln 541 ming 765 gektar maydonda kuzgi shudgorlash ishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu tadbirga hududlarda 5 ming 711 dona haydov traktorlari jalb etilgan bo‘lib, shuning 4 ming 313 donasini yuqori unumli haydov traktorlarini tashkil etadi.
Bundan tashqari, mazkur bayonda, tasdiqlangan grafik asosida kuzgi shudgorning sifatli o‘tkazilishi monitoringini olib borish vazifasi “O‘zagroinspeksiya”ga yuklatilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan, joylarda shudgorlash ishlarining sifati bo‘yicha 285 ming gektar maydonda monitoring o‘tkazib, shundan 85 ming gektar maydonni shudgorlash ishlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan, mahalliy hokimliklar, tegishli tashkilot rahbariga 90 ta taqdimnoma kiritilib, fermer xo‘jaliklariga 5184 ta holat bo‘yicha rasman ogohlantirishlar berildi.
Hududlarda kuzgi shudgorlash ishlarini o‘z muddatida va sifatli o‘tkazilishi mavsum davomida “O‘zagroinspeksiya” tomonidan monitoring qilib boriladi.
F.Mamasoliyev,“O‘zagroinspeksiya” Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i