Ру Ўз O`z En

Respublikada paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari tashkil etilmoqda

1 Iyul 2020 3387

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 iyundagi “Paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 398-son qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy birlashishi asosida paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari tashkil etiladigan bo‘ldi. Endilikda, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlariga beriladigan imtiyozlar kooperatsiyalar uchun ham tatbiq etiladi.

Kooperatsiyalarni tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda paxta tozalash korxonalarining ishlab chiqarish faoliyatida foydalanilmayotgan bo‘sh yer maydonlarini mahalliy davlat hokimiyati organlarining zaxirasiga o‘tkazilishini ta’minlaydi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimlari kooperatsiyalar va paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash mahsulotlari hamda boshqa moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘radi;
  • Kooperatsiyalar paxtani qabul qilib olish, saralash, saqlash, qayta ishlash va tayyor mahsulotni eksport qilish bo‘yicha samarali ish yuritish tizimini joriy qiladi.

Tegishli Hukumat qarorlarida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlariga belgilangan imtiyozlar kooperatsiyalar uchun ham tatbiq etiladi.

Kooperatsiyalarga paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkil etilmagan hududlardagi paxta tozalash korxonalari ixtiyoriy ravishda a’zo bo‘ladi.

Kooperatsiyalar a’zolari tomonidan yetishtirilgan paxtani paxta tozalash korxonalari tomonidan qabul qilish, saqlash va qayta ishlash xizmati (tegirmon usulida) ko‘rsatiladi.

Shuningdek, qaror bilan Fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy birlashishi asosida paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

Unda ko‘rsatilishicha, kooperatsiya uning muassislari va a’zolari sa’y-harakatlari, ularning moddiy va moliyaviy resurslarini birlashtirish asosida tashkil etilib, paxta xomashyosini yetishtirish, tashish, saqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotish bilan bog‘liq tarmoqlarni yagona tizimga birlashtiradi.

  • Kooperatsiyani ta’sis etishda uning muassislari o‘zlarining mustaqilligini saqlab qoladi.
  • Kooperatsiyaga a’zo bo‘lish va undan chiqish ixtiyoriy bo‘lib, a’zolar mehnatiga ishlab chiqargan mahsuloti hajmi va sifatiga qarab haq to‘lanadi.
  • Kooperatsiya ustavida nazarda tutilgan tartibda uning faoliyati kooperatsiya a’zolari tomonidan nazorat qilinadi.
  • Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari kooperatsiyaning qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
  • Kooperatsiya tegishli faoliyatni amalga oshirishda ruxsatnoma va litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlari bilan shug‘ullanish uchun qonun hujjatlariga muvofiq, tegishli ruxsatnoma va litsenziya olishi shart.

Paxta xom-ashyosi va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi

 

Text to speech