Ру Ўз O`z En

Respublikaning shimoliy mintaqalari misolida gʼoʼza navlarining joylashuv tahlili 

20 Iyul 2020 3806

Maʼlumki, paxtadan yuqori hosil olishning muhim omillaridan biri hududlarning tabiiy sharoiti, tuproq unumdorligi, yerlarning meliorativ holati inobatga olingan holda gʼoʼza navlarini toʼgʼri joylashtirish hisoblanadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 dekabrdagi “2020 yilda gʼoʼzani navlari boʼyicha joylashtirish va paxta xomashyosi yetishtirishning prognoz hajmlari toʼgʼrisida”gi 985-sonli qaroriga koʼra, mamlakatimizda 1033,6 ming gektar maydonga chigit ekilishi belgilangan.
Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4633-sonli qarori bilan paxta toʼqimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilari va klasterlariga Oʼzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan va davlat reestriga kiritilgan gʼoʼza navlarini mustaqil joylashtirish huquqi berildi. 
Ushbu qarorlarning amaldagi ijrosi yuzasidan Respublikaning shimoliy mintaqalarida gʼoʼza navlarining joylashuvi tahlil qilindi.
Bunga koʼra, Qoraqalpogʼiston Respublikasida joriy yil hosili uchun 2541 nafar fermer xoʼjaliklari tomonidan 86 291 gektar maydonga chigit ekilgan boʼlib, asosiy maydonlarga hudud sharoitiga mos ertapishar S-4727, Sulton, Chimboy-5018, Buxoro-102 navlari, shuningdek yangi nav sifatida oʼrtapishar Buxoro-8 navi, istiqbolli Mangʼit-1, Ravnaq-2 va S-4728 navlari joylashtirilganini kuzatish mumkin.  
Joriy yil chigit ekish mavsumidagi ob-havo Qoraqalpogʼistonlik fermerlar uchun juda qulay kelib, chigit ekish ishlari eng optimal muddatlarda oʼtkazildi. Jumladan, 86291 gektar maydonga 6377,4 tonna urugʼlik chigit tayyorlangan boʼlib, shundan 6315,4 tonna tukli, 61,9 tonna tuksizlantirilgan urugʼlik chigitni tashkil qildi.
Qoraqalpogʼiston Respublikasi boʼyicha 1252 nafar fermer xoʼjaliklaridagi 32146 gektar maydonlarning har bir gektariga 72 kgdan,
137 ta fermer xoʼjaliklaridagi 6746 gektar maydonlarining har bir gektariga 100 kg dan ortiq urugʼlik chigit sarflangani kuzatildi.
Аsosiy maydonlarda navlarning joylashuvi quyidagi diagrammada keltirib oʼtiladi.

 

Hududlarda gʼoʼza navlarining joylashuvi tahlil qilinganda asosiy maydonlarning 37949 gektariga S-4727 navi, 35387 gektariga Sulton navi, 4111 gektariga mahalliy Chimboy-5018 navi, 7035 gektariga Buxoro-102 navi, 1243 gektariga Buxoro-8 navi, 566 gektariga yangi va istiqbolli navlar ekilgan.


Joriy davrda gʼoʼza navlari joylashgan maydonlarda chuqur yumshatish, mineral oʼgʼitlar bilan oziqlantirish, suspenziyalash singari agrotexnik tadbirlar jadal davom ettirilib, asosiy maydonlarda sugʼorish ishlari bajarilmoqda. Ilmiy asoslangan tavsiyalarga koʼra, turli tuproq-iqlim sharoitlarida ekinlarni sugʼorish tuproq turlari va yer osti suvlari sathi boʼyicha gidromodul rayonlarga boʼlinib, Buxoro-102, Buxoro-8, S-4727, Chimboy-5018 gʼoʼza navlarini gullashgacha sugʼormaslik va bu navlarni 0-2 (3)–1 tizimida 3-4 marta sugʼorish maqsadga muvofiq boʼladi.
Joriy yil hosili uchun viloyatda 6777 tonna urugʼlik chigit tayyorlangan boʼlib, shundan 6736 tonnasi tukli, 40 tonnasi tuksizlantirilgan urugʼlik chigitni tashkil qiladi.
Аsosiy paxta maydonlarining 13121 gektar qator orasi 60 sm, 2500 gektarida 90 sm va nihoyat 67136 gektari qoʼshqator usulida ekilgan boʼlib, bugungi kunda ekish tartibi va joylashtirilgan gʼoʼza navlaridan kelib chiqqan holda agrotexnik tadbirlar davom ettirilmoqda.
Jumladan, asosiy maydonlarda suspenziyalash, chuqur yumshatish, oziqlantirish va sugʼorish ishlari olib borilmoqda.
Viloyatning asosiy maydonlarida ekilgan navlar toʼgʼrisidagi qisqacha maʼlumot quyidagi diagrammada keltirib oʼtiladi.

 

Xorazm viloyatida joriy yilda 1571 nafar fermer xoʼjaliklarining 82757 gektar maydonlarida ertapishar Xorazm-150, Sulton, S-8294 navlari, oʼrtapishar Xorazm-127 navi va istiqbolli Niyat navi ekildi.


Ilmiy tavsiyalarga koʼra, suv tanqisligi sharoitida gʼoʼza navlaridan yuqori va sifatli hosil olish maqsadida tuproq iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda maqbul sugʼorish muddatlari va meʼyorlarini toʼgʼri belgilash katta ahamiyatga ega boʼlib, tadqiqotlarning koʼrsatishicha, gʼoʼzaning oʼrtacha kunlik suv sarfi shonalash davrida 20-25 m3/ga, gullashda 50-60 m3/ga, hosil toʼplashda
80-90 m3/ga va pishish boshida 40-45 m3/gani tashkil etadi. Bu esa gʼoʼzaning oʼsish va rivojlanish davrini, tuproqning mexanik tarkibini hisobga olib,  sugʼorish muddatlari va meʼyorlarini belgilashda yordam beradi.
Gʼoʼzani necha marta sugʼorish tuproq turiga, zaxob suvlarining sathiga va iqlim sharoitlariga bogʼliq. Viloyatning Gurlan, Shovot, Yangibozor tumanlarida ekilayotgan S-8294 navi tezpishar navlar qatoriga kirishi sababli oziqlantirish va sugʼorish ishlari erta muddatlarda oʼtkazilishi maqsadga muvofiq boʼladi.


Urugʼlik paxta xom ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi

Text to speech