Ру Ўз O`z En

Respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitlarida g‘o‘za navlarining oqilona joylashtirilishi

20 Oktyabr 2022 2060

“Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda “O‘zagroinspeksiyaga qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va ushbu ekinlar urug‘liklarining sifati sohasidagi davlat siyosatining ijrosi, qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini joylashtirish, rayonlashtirish hamda navli urug‘liklarini tayyorlash rejalarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilangan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 17 yanvardagi 7-sonli hamda vazirlik huzuridagi Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash markazining 2021 yil 28 dekabrdagi 43-sonli buyrug‘iga muvofiq Respublikamiz hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari davlat reyestriga 40 ta g‘o‘za navi kiritilgan bo‘lib, shundan 3 tasi ingichka tolali, 5 tasi o‘rtapishar, 32 tasi ertapishar navlarni tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 apreldagi PQ-3683-sonli qarorida “... bitta viloyatda beshtadan ko‘p, bitta tumanda ikkitadan ko‘p g‘o‘zaning rayonlashtirilgan navlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi” belgilangan bo‘lib, g‘o‘za navlarining Respublika hududlari bo‘ylab joylashtirilishi tahlil qilinganda ayrim tumanlarda ushbu talabning buzilayotganligi aniqlandi.

Xususan, Respublika bo‘yicha 39 ta tumanlarda shunday holatlar qayd etilib, 31 ta tumanda uchtagacha, 8 ta tumanda esa to‘rttagacha rayonlashtirilgan g‘o‘za navlari joylashtirilgan.

Misol uchun, To‘rtko‘l, Beruniy, Nishon, Mirishkor, Sho‘rchi, Denov, Qumqo‘rg‘on, Sayxunobod tumanlarida 4 tadan, Ellikqalʼa, Xo‘jayli, Sho‘manay, Kegeyli, Chimboy, Jalaquduq, Ulug‘nor, Marhamat, Paxtaobod, Shahrixon, Vobkent, G‘ijduvon, Romitan, Arnasoy, Do‘stlik, Zafarobod, Mirzacho‘l, Qarshi, Kasbi, Karmana, Uychi, Jarqo‘rg‘on, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Beshariq, Quva, Rishton tumanlarida 3 tadan g‘o‘za navlari ekilgan.

Bundan tashqari, joriy yil hosili uchun paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 30519 nafar fermer xo‘jaliklariga davlat reyestriga kiritilgan rayonlashtirilgan, istiqbolli va yangi g‘o‘za navlarining urug‘lik chigiti yetkazib berilgan bo‘lib, shundan 29427 nafar xo‘jaliklarda tavsiya etilgan bitta g‘o‘za navi ekilgan bo‘lsa, 1092 nafar xo‘jaliklarda ikki va hatto uchtadan g‘o‘za navlarini ekish holatlari uchramoqda.

Ilmiy manbalardan maʼlumki, g‘o‘za sistematikasida Gossypium avlodiga mansub 4 ta tur madaniylashtirilgan bo‘lib, Gossypium hirsutum L. (o‘rta tolali) va Gossypium barbadense L. (ingichka tolali) turlariga mansub g‘o‘za navlari o‘zaro va bir biri bilan erkin changlanadi. Bu esa oraliq himoya masofalari (2,5-3 km) saqlanmagan holda navlar joylashtirilgan maydonlarda hosildorlikning keskin pasayishiga va olinadigan tola sifatining buzilishiga olib keladi, pirovard natijada esa ushbu hudud uchun mos deb topilgan g‘o‘za navlarining qisqa fursatlarda ishlab chiqarishdan chiqib ketishiga sabab bo‘ladi.

Shu maqsadda, nav joylashtirish qoidalariga amal qilishda foydalanish uchun hududlar kesimida davlat reyestriga kiritilgan g‘o‘za navlari to‘g‘risidagi maʼlumot ilova qilinadi (jadval).

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Inspeksiya tomonidan tegishli taʼsir choralari ko‘rib kelinmoqda. Xususan, nav joylashtirish qoidalariga amal qilinmagan holatlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning kelgusida takrorlanishini oldini olish yuzasidan masʼul rahbarlarga Inspeksiyaning markaziy apparati tomonidan taqdimnomalar kiritilishi taʼminlandi.

Yuqori sifatli urug‘lik tayyorlash, uni saqlash va realizatsiya qilish sohasida Inspeksiyaga berilgan vakolatlar doirasida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

N.Ismailov, "O‘zagroinspeksiya" Urug‘lik paxta xomashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

M.Kurbanbayev, "O‘zagroinspeksiya" Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i

Text to speech