Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan oqilona, tejab foydalanilishi yuzasidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 752 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 396 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, 352 ta jismoniy va yuridik shaxslar qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan ogohlantirildi, 161 ta holat bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilib, 21 ta holatda bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, 21 ta qonunbuzilishi holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rishlik uchun sud idoralariga yuborilib, 200 ta holatda maʼmuriy, 13 ta holat bo‘yicha moliyaviy sanksiyalar qo‘llanildi.
Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi sohaviy inspektorlari tomonidan Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda suv tejamkor texnologiyalar joriy etilganligi yuzasidan davlat byudjetidan subsidiya mablag‘lari ajratilishi belgilanganligi mahsulot yetishtirishda suv tejamkor texnologiyalarni joriy etayotgan subyektlar sonining ortishiga xizmat qilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan 2021 yilda 285 ta qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari 9 ming 504 gektar yer maydonida suv tejamkor texnologiyalarni joriy etgani uchun jami 76 mlrd 64 mln 350 ming so‘m subsidiya mablag‘lari olishdi.
Shundan, 221 ta talabgorlar tomonidan 5 ming 384 gektar yerda suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgani uchun davlat byudjetidan 43 mlrd 479 mln 136 ming so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish yuzasidan 2022 yilga mo‘ljallangan loyihalar ham rejalashtirildi. Xususan, joriy yilda viloyat bo‘yicha 27 ming 900 gektar yer maydonida suv tejamkor texnologiyalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Viloyat markazidan olis, asosiy yer maydoni lalmi hisoblangan Nurobod tumanida 2022 yilda 36 ta MCHJ va fermer xo‘jaliklari tomonidan 725,0 gektar bog‘-tokzorlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilish bo‘yicha hamda 300 gektar yomig‘irlatib sug‘orish joriy etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda 470 gektar lalmikor maydonlardagi bog‘ va tokzorlarda tomchilatib sug‘orish hamda 35 gektar maydonlarda yomg‘irlatib sug‘orish bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi.
-Jumladan, Amir Temur MMTP massividagi “Nurobod olg‘a servis” MCHJ tomonidan 45 gektar lalmikor maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi asosida intensiv tokzor barpo qilish rejalashtirilgan, bugungi kunda ushbu loyihani bajarish uchun MCHJ tomonidan 2 km masofadan elektr energiyasi olib kelinib, transformator o‘rnatildi, 1 dona tik quduq qazilib 3000 tonna sig‘imdagi hovuz barpo etildi hamda 45 gektar lalmikor maydonda 50 ming tup tok ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Ushbu loyihani ishga tushirish natijasida 5 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Sazag‘on massividagi “Parviz Shohrux bog‘lari” MCHJ tomonidan joriy yilda 35 gektar lalmikor yer maydoniga yomg‘irlatib sug‘orish usulida g‘alla ekilib, suv tejovchi texnologiyasi joriy qilindi va 2 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi,-deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Nurobod tuman bo‘limi boshlig‘i M. O‘rinov. -Kattaqo‘rg‘on tumanida ham o‘tgan 2021 yilda 110 ta talabgor tomonidan 2038 gektar maydonga suv tejamkor texnologiyalar joriy etilib, davlat byudjetidan 16374 mln so‘m subsidiya olingan.
Jumladan, M.Ulug‘bek MMTP hududidagi "Jamolov Lutfullo dalalari" fermer xo‘jaligi tomonidan 2021 yil 13 gektar maydonga suv tejamkor texnologiyasi joriy qilinib, davlat byudjetidan 104 mln so‘m subsidiya mablag‘i olingan. Ushbu fermer xo‘jaligi bugungi kunda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasidan maqsadli foydalanib kelmoqda,-deydi Inspeksiyaning kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i N. Nomozov.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan mahsulot yetishtirishda suv resurslaridan tejab foydalanish, suv tejamkor texnologiyalarni o‘rnatish Inspeksiyaning tuman bo‘limi nazoratiga olingan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, kam suv sarflab, mo‘l hosil yetishtirishdan iborat.
A. Ochilov, Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori