Hukumatning “Naslli mahsulotni (materialni) eksport va import qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan chet davlatlaridan olib kelingan naslli mahsulotni (material) tegishli tartibda karantinga qo‘yish hamda karantin muddati tugaganidan so‘ng, hududiy “Chorva-nasl” markazi tomonidan davlat ro‘yxatiga olinishini nazorat qilish Inspeksiya zimmasiga yuklatilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, «O‘zagroinspeksia»ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu qaror ijrosi bo‘yicha profilaktik tadbirlar va monitoringlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Viloyatda naslli mollar bosh sonini ko‘paytirish va naslchilik ishlarini rivojlantirish maqsadida, joriy yilning shu kuniga qadar chet davlatlaridan ming bosh naslli mollar olib kelingan.
Jumladan, dekabr oyining birinchi haftaligida Slovakiya davlatidan Jomboy tumanidagi "Puremilky Produsts" fermer xo‘jaligiga 33 bosh hamda Samarqand tumanidagi “Zarafshon Agro Meva” fermer xo‘jaligiga 33 bosh va «Talabot» fermer xo‘jaligiga 33 bosh naslli qoramollar olib kelinib, hozirgi vaqtda tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan belgilangan tartibda karantinga qo‘yilishi taʼminlandi.
Shuningdek, Samarqand tumanidagi “Ilons Парранда” fermer xo‘jaligi tomonidan Ispaniya davlatining ““Lohmann Breeders Spain SL“ kompaniyasidan 53 ming 840 bosh, yil boshidan esa viloyatga jami 637 ming 602 bosh bir kunlik naslli jo‘jalar olib kelingan.
Bundan tashqari, joriy yilning dekabr oyida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Toshtemirov Firdavs chorvasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Qozog‘iston davlatidan 30 bosh otlar, Narpay tumanidagi “Нарпай Иброҳим Нур инвест” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Qirg‘iziston davlatidan 200 bosh qo‘y olib kelingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan belgilangan tartibda karantinga qo‘yilishi taʼminlandi.
U.Yaxshimurodov. «O‘zagroinspeksia»ning Samarqand viloyati boshqarmasi bosh inspektori