Ру Ўз O`z En

Samarqand viloyatida tadbirkorlar tomonidan 1 mln AQSh dollaridan ortiq qiymatdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportga yo‘naltirildi

22 Iyun 2020 2580

 

Mamlakatimizda agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5853 farmoniga asosan Respublikada yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida meva-sabzavot klasterlari tashkil etilmoqda. Natijada hosildorlik ham, daromad ham oshmoqda. Yurtimizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda.

Qishloq xo‘jaligi korxonalarini isloh qilish borasidagi dasturlar Samarqand viloyatida ham bosqichma-bosqich hayotga tadbiq etilyapti. Ayni kunlarda viloyatda paxta, g‘alla va meva-sabzavotchilik yo‘nalishida 40 dan ortiq klaster korxonalari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyati tobora ortib bormoqda.

"O‘zagroinspeksiya"ning Samarqand viloyat boshqarmasi va Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan joylarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan sifatli va yuqori hosil olish maqsadida agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli o‘tkazilishi ustidan doimiy monitoring o‘rnatilib, tahlillar olib borilyapti.

Jumladan, “Bulung‘ur-Sandvik” MChJ yetishtirgan mahsulotini sanoat usulida qayta ishlash orqali eksport qilishga ixtisoslashtirilgan yirik klaster korxonalaridan biri sanaladi. Ushbu korxona tomonidan 2019 yilda 5 mln 955 ming AQSh dollari miqdoridagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari Rossiya, Germaniya, AQSh singari ko‘plab davlatlarga eksport qilingan.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi asoratlarini bartaraf etish, Respublikamizning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shish maqsadida joriy yilda 8 mln AQSh dollaridan ziyod mahsulot eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar, 1 mln 579 ming AQSh dollari miqdoridagi karam, ismaloq, shivit, luk-porey kabi mahsulotlar AQSh, Rossiya, va Yevropa davlatlariga eksport qilingan.

Ayni vaqtda, Klaster korxonasi tomonidan Bulung‘ur tumanida 341 gektar, Tayloq, Urgut va Jomboy tumanlaridagi fermer xo‘jaliklariga qarashli 1 ming 100 gektar maydonda bulg‘or qalampiri, karam, luk-porey singari eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlanmoqda.

Inspeksiya xodimlarining bevosita ko‘magi bilan viloyatda qishloq xo‘jaligi ekinlari sifatli parvarishlanib, yer va suv resurslaridan samarali foydalanilmoqda. Bu esa sarf–xarajatlarni kamaytirish bilan bir qatorda eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish imkonini bermoqda.

 

“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat

boshqarmasi

 

Text to speech