Xalqimizning koʼpni koʼrgan, katta yoshli vakillari kartoshkani “ikkinchi non”,- deya taʼriflashlari bejiz emas. Sababi, kundalik hayotda ham, roʼzgʼorda ham talab yuqori boʼlgan kartoshka oilaviy ehtiyojlar uchun nondan soʼng eng koʼp isteʼmol qilinadigan mahsulotlardan biri sanaladi.
Soʼnggi yillarda, Yurtboshi va hukumatimiz tomonidan kartoshkachilikni rivojlantirish, uning iqlimbop va serhosil navlarini mahalliylashtirish yuzasidan istiqbolli loyihalarni hayotga tadbiq etish boʼyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʼchiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4704-sonli qarori qabul qilingan boʼlib, qarorning ijrosini taʼminlash maqsadida Samarqand viloyatida ham inspektsiya xodimlari tomonidan keng qamrovli nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Joriy yilda viloyatda 9 ming 414 gektar yer maydonlariga kartoshkaning “Pekas”, “Gala”, “Fontane”, “Evolьyushn” va “Аrizona” singari R1 avlodga mansub navlari ekilgan boʼlib, 131 ming 557 tonnadan ortiq hosil yigʼishtirib olish koʼzda tutilgan
Oʼzbekiston Respublikasi qishloq xoʼjaligi vazirligi tomonidan 2019 yil 4 oktyabrda tasdiqlangan “Kartoshka urugʼlik maydonlarida aprobatsiya oʼtkazishga oid uslubiy qoʼllanma”si asosida, Oʼzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʼjalik ekinlarining davlat reestriga kiritilgan kartoshka ekinlari navlari va duragaylari ekilgan maydonlar, inspektsiyaning tuman boʼlimlari tomonidan nazorat qilib borildi.
Jumladan, “Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va uning huzuridagi "Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi" Davlat unitar korxonasi xodimlari hamda “Urugʼchilikni rivojlantirish markazi”ning Samarqand viloyati boshqarmasi va tuman qishloq xoʼjaligi boʼlimlari mutaxassislari bilan birgalikda kartoshka ekilgan maydonlar aprobatsiyadan oʼtkazildi.
Shuningdek, Аprobatsiya natijalariga koʼra 801 gektar maydonlarda yetishtirilayotgan urugʼlik kartoshkalar yaroqli deb topilib, ushbu maydonlardan 11 ming 150 tonna urugʼlik kartoshka jamgʼarilishi rejalashtirildi, - deydi Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlari yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi bosh inspektori Xushnud Nurbekov.
Maʼlumot oʼrnida: 2020 yilda Bulungʼur tumanidagi 15 ta agrofirmalar hududidagi fermer xoʼjaliklari tomonidan 2 ming 201 gektarga kartoshka ekilgan boʼlib, 44 ming 20 tonna hosil yigʼishtirib olindi. Shuningdek, 2021 yil hosili uchun 4 ming 572 tonna urugʼlik kartoshka jamgʼarildi.
Samarqand tumanidagi 304 ta fermer xoʼjaliklari tomonidan 356 gektar yer maydonlariga ekilgan kartoshkalardan 3 ming 916 tonna kartoshka yetishtirildi.
“Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati