Ру Ўз O`z En

Samarqandda klaster korxonalari va fermer xoʼjaliklari rahbarlarining 18 nafariga nisbatan maʼmuriy jazo chorasi qoʼllanildi

6 Noyabr 2020 2225

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi “2021 yilda boshoqli don yetishtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 546-sonli qarori ijrosini oʼz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida, Samarqand viloyatida 2021 yil hosili uchun 138 ming 830 gektar yerga boshoqli don ekinlari ekilmoqda. Ob-havoning qulay kunlaridan samarali foydalanayotgan dehqonlar mavsumni agrotexnika tadbirlariga qatʼiy rioya etgan holda, uyushqoqlik bilan sifatli amalga oshirilmoqda. Mazkur agrotexnik tadbirlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspektsiyasi tomonidan monitoring-tahlillar oʼtkazilmoqda.

Аmmo, oʼtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida kuzning har bir kunidan unumli foydalangan holda yerga urugʼ qadash, ekilgan gʼalla parvarishi bilan bogʼliq oʼta muhim agrotexnik tadbirlar ijrosini taʼminlashda sustkashlikka yoʼl qoʼyilayotgan holatlar ham uchrab turibdi.

Maʼmuriy ishlar boʼyicha Pastdargʼom tumani sudi tomonidan oʼtkazilgan sayyor sud majlisida, Inspektsiyaning Pastdargʼom tumani boʼlimi tomonidan oʼtkazilgan monitoring-tahlil tadbirlari davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari koʼrib chiqildi.

Sayyor sud majlisi davomida gʼalla ekish boʼyicha agrotexnik tadbirlarni oʼz vaqtida bajarmagan, ijaraga berilgan yer maydonidan samarali foydalanmagan, gʼalla ekishni oʼz vaqtida va sifatli tarzda amalga oshirmasdan hokimiyat vakillarining qonuniy talablarini bajarmagan 14 nafar klaster korxonalari va fermer xoʼjaliklari rahbarlarining hatti - harakatiga nisbatan qonuniy baho berildi.

Sudning hal qiluv qaroriga koʼra, klaster korxonalari va fermer xoʼjaliklari rahbarlariga nisbatan MJtKning 198 moddasi 1-qismi hamda 74 moddasi 2-qismiga asosan, maʼmuriy jazo chorasi qoʼllanildi.

Shuningdek, Inspektsiyaning Kattaqoʼrgʼon tuman boʼlimi tomonidan oʼtkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlar yuzasidan Kattaqoʼrgʼon tuman maʼmuriy sudi tomonidan sayyor sud jarayoni oʼtkazildi.

Unda, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8-sentyabrdagi “2021 yilda boshoqli don yetishtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 546-sonli, Samarqand viloyati hokimining 2020 yil 12 sentyabrdagi 141-Q-sonli qarorlariga asosan, ijaraga berilgan yerlarga gʼalla ekish hamda agrotexnik tadbirlarni bajarmagan qishloq xoʼjaligi korxonalari rahbarlarining 4 nafari hatti-harakatiga nisbatan huquqiy baho berildi.

Sudning hal qiluv qaroriga asosan, hokimiyat vakillarining qonuniy talablarini bajarmasdan kuzgi boshoqli don ekish ishlarini oʼz vaqtida va sifatli amalga oshirmagan, gʼalla parvarishida agrotexnik tadbirlarni oʼtkazmagan 4 nafar fermer xoʼjaligi rahbarlariga nisbatan MJtKning 198 moddasi 1-qismi va 74 moddasi 2-qismiga asosan, maʼmuriy jazo chorasi qoʼllanildi.

Ota bobolarimiz bejizga kuzning bir kuni yilni boqadi,-deyishmagan. Shu bois, quyoshli kunlardan unumli foydalangan holda, boshoqli don ekinlarini ekish va parvarishlash moʼl hosil yetishtirish uchun puxta zamin sanaladi.

 

“Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

axborot xizmati

Text to speech