Shundan kelib chiqib, hozirga qadar tumanda joylashgan “Do‘stlikdonmahsulotlari” AJ ga qarashli urug‘lik don tarqatish shaxobchasida 1 ming 843 tonna urug‘lik don jamg‘arildi va shundan 563 tonnasi peshma-pesh fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi.
Omborlarga ekish uchun kelib tushgan urug‘lik donning standart talablari asosida saqlanishi va tarqatilishi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi tomonidan nazoratga olingan. Jumladan, tarqatish shahobchasida taʼmirlash, fumigatsiya va dezinfeksiya ishlarining olib borilganligi hamda tashishlarda tegishli qoidalarga javob beruvchi transport vositalaridan foydalanish yuzasidan tushuntirish va nazorat ishlari olib borildi. Shuningdek, urug‘lik don partiyalarini navlar bo‘yicha saqlash, urug‘lik donning genetik (nav) va ekinboplik sifatlari ko‘rsatilgan muvofiqlik sertifikatlari mavjudligi va qoplarni joylashtirishda meʼyor talablariga amal qilinishi bo‘yicha ham monitoring tadbirlari o‘tkazilib, o‘rganilgan holatlar bo‘yicha ombor mudiriga yozma ko‘rsatma berildi.
-O‘rganishlarda, shoxobchaning urug‘lik don tarqatish ishlarida qiyoslov sertifikati mavjud bo‘lmagan tarozidan foydalanib kelayotganligi aniqlandi, - deydi Inspeksiyaning Arnasoy tuman bo‘limi katta inspektori Xurshid Ibragimov. –Bu esa O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida” qonunining 7-moddasi talabi buzilishiga yo‘l qo‘yilganligini anglatadi. Mazkur holat bo‘yicha shaxobcha mudiriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 213-moddasi 1–qismi bilan maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudiga yuborildi.
Bundan tashqari, aniqlangan qonunbuzilishi holati yuzasidan tuman hokimligiga taqdimnoma kiritilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati