Ру Ўз O`z En

Sifatli non- uzoq umr garovidir!

20 Avgust 2020 2812

Har bir davlatning iqtisodiy salohiyati, aholining turmush tarzi, don va don mahsulotlari bilan taʼminlanish darajasiga bogʼliq. Gʼalla don ekinlari asosan non mahsulotlari olish uchun ekib yetishtiriladi. Kundalik hayotimizni nonsiz tasavvur qilishimiz qiyin. Bugʼdoy doni insoniyat tomonidan ochilgan eng buyuk ixtiro hisoblanadi.

Shu sabab don hosildorligi, sifati, yetishtiriladigan yalpi don hosilini barqarorlashtirishga qaratilgan har qanday tadbir mutaxassislarni qiziqtirib keladi. Chunki bugʼdoydan har kuni isteʼmol qiladigan nonimiz tayyorlanadi. Аlbatta bugʼdoydan non holiga keltirilguncha avvalo unga aylantirish, undan hamir tayyorlash, pishirish kabi jarayonlar kechadi. Ishlov berish chogʼida, afsuski undagi oziqaviy moddalarnig aksariyat qismi yoʼqolib ketadi. Vitaminlar esa organizm uchun zarur.

Shuning uchun barcha kerakli moddalarni yana unga qaytarish lozim. Qanday qilib deysizmi?

Bunga faqat unni boyitish bilan erishish mumkin. Аniqroq qilib aytadigan boʼlsak, tegirmonlarda un ishlab chiqarilayotganda un vitaminlar, foliy kislotasi va temir moddasi bilan toʼyintiriladi. Bu moddalarga ishlov berish jarayonida qiymatini yoʼqotmasligi uchun yakuniy bosqichda qoʼshiladi va yaxshilab aralashtiriladiki, natijada bir siqim unda ham barcha ozuqaviy moddalar mavjudligiga erishiladi. Boyitilgan undan pishirilgan taom, non va boshqa mahsulotlar oʼz xususiyatini yoʼqotmaydi, taʼmida ham oʼzgarishlar boʼlmaydi. Non yopish jarayonida boyitilgan un 95 foizgacha oʼzining ozuqaviy moddalarini saqlab qoladi.

Inspektsiya qoshidagi “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUK va Inspektsiyaning Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalari bilan birgalikda 2020 yil boshoqli don hosilini qabul qilishda bugʼdoy donining sifati, non yopish xususiyati boʼyicha oʼrganish yuzasidan olingan namunalar yuzasidan “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUK laboratoriyalarida sifat tahlillari oʼtkazilmoqda.

Bunda hududlarda yetishtirilgan boshoqli donlarining turi, sifati, sinfi boʼyicha oʼrganishlar-tahlillar oʼtkaziladi don qabul qilish korxonalari bilan birgalikda 2020 yil hosilidan davlat resurslariga qabul qilingan yangi don hosili sifatini oʼrganish, tahliliy koʼrikdan oʼtkazish, texnologik tavsiflarini tahlil qilib kelmoqda.

Shuningdek, 2020 yil hosilidan qabul qilingan donlarni joylashtirishda, sifatli saqlashda va qayta ishlash jarayonlarida hamda respublika ichida tashishlarda belgilangan meʼyyoriy huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi boʼyicha Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi tomonidan doimiy nazorat olib borilmoqda.

“Don rizq-roʼzimiz”, deymiz. Undan tayyorlanadigan non ham har kungi asosiy ozuqamiz hisoblanadi. Qadimdan non aziz tutilgan, uning ushogʼini ham isrof etishmagan. Bu bejiz emas. Chunki non rizqimiz ekanligidan tashqari sogʼliq ham hadya etmoqda.

 

K. Аxmedov, Don, urugʼlar va ularni qayta ishlashdan olingan

mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi boshligʼi

Text to speech