Ру Ўз O`z En

Surxondaryo viloyati Termiz tumani Termiz don qabul qilish maskani majlislar zalida  G‘alla-2025: yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan seminar  bo‘lib o‘tdi

14 May 2025 50

Seminarda viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlari rahbarlari, g‘allachilikka ixtisoslashgan fermerlar va dehqonchilik xo‘jaliklari vakillari, Agroinspeksiya viloyat va tuman rahbarlari, shuningdek, g‘alla qabul qilish maskanlari va qabul qiluvchi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.

Ushbu seminarda O‘zagroinspeksiya boshlig‘i Abrol Vaxabov ishtirok etib, mavsum oldi bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, jumladan o‘rim-yig‘im ishlarida qatnashadigan kombaynlar  va tashish texnikalarining sozligi, don qabul qilish maskanlari hamda elektron tarozilarning shayligi va fermer xo‘jaliklari va korxona o‘rtasida shartnomalarning tuzilishi muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi. Bu borada mas’ul tashkilotlarga tegishliligi bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, O‘zagroinspeksiya boshlig‘i A.Vaxabov Jarqo‘rg‘on tumanidagi bir qator fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar bilan yaqindan tanishdi.

Jumladan, “Ismoiltepa ziroatchi” hududida joylashgan “Abdurahmon” fermer xo‘jaligining 20 gektarlik konturiga ekilgan xorijiy “Xin Lu Zao” g‘o‘za navining vegetativ holatini ko‘zdan kechirdi. Mazkur navning o‘sish holati, suv va ozuqaga ehtiyoji, shuningdek, hosildorlik ko‘rsatkichlari yuzasidan mas’ullar bilan atroflicha suhbat olib borildi.

Ushbu konturga yondosh hududda joylashgan “Akmal” fermer xo‘jaligining 8 gektarli g‘o‘za maydoniga “Ravnaq-2” mahalliy g‘o‘za navi 76 sxemada, plyonka ostiga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida ekilgan. O‘rganishlar chog‘ida g‘o‘za navlari bir tekis unib chiqqani va samarali agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilayotgani hisobiga yaxshi rivojlanayotgani ma’lum bo‘ldi. 

A.Vaxabov xo‘jalik rahbarlari va agronomlar bilan muloqotda bo‘lib, Surxondaryo viloyatining iqlim sharoiti, suv ta’minoti va tuproq xususiyatlarini inobatga olgan holda agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib, har bir nav uchun moslashgan parvarish usullarini joriy etish yuqori natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Text to speech