Ру Ўз O`z En

SIFАTLI TАNLАNGАN URUGʼ VА KOʼChАT- MOʼL HOSIL GАROVI

3 Mart 2021 2240

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholiga sifatli va arzon qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetkazib berish bugungi kunning muhim masalalaridan biri hisoblanadi.

Shu bois Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspektsiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari tomonidan bogʼ va tokzorlar yaratish, sabzavot, kartoshka hamda poliz ekinlarini ekish tadbirlari alohida nazoratga olingan.

Maʼlumot oʼrnida, viloyatda oʼtgan 2020 yilda viloyat 773 gektar bogʼ, 580 gektarga yangi tokzorlar tashkil etildi. 2021 yilda 3232 gektarga yangi bogʼ, 3876 gektarga intensiv usulda yangi tokzorlar tashkil etish boʼyicha 480 nafar loyiha tashabbuskorlari tanlanib, bu boradagi ishlar jadal tarzda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 2359 gektarga sabzavot, 533 gektarga poliz ekinlari va 705 gektar maydonda kartoshka ekilishi rejalashtirilgan.

Maʼlumki, viloyatimiz aholisining aksariyat qismi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Viloyat boʼyicha jami 12 786 gektar tomorqa mavjud boʼlib, undan toʼlaqonli foydalanish sabzavot, kartoshka hamda poliz ekinlaridan yuqori hosil olishni taʼminlaydi. Sabzavot va mevalarning oila dasturxonida doimiy boʼlishi, oila aʼzolarining jismoniy sogʼlom boʼlishini taʼminlovchi muhim omil hisoblanadi. Shu bilan birga ortiqcha mahsulotini sotish bilan oila byudjetiga qoʼshimcha sarmoya kiritiladi.

Keyingi yillarda sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari mahsulotiga boʼlgan talab kundan kunga oʼsib bormoqda. Shuni eʼtiborga olgan dehqonlarimiz yuqori sifatli mahsulot olish uchun kurashmoqda. Аyniqsa, shahar va tumanlarda issiqxonalarning koʼplab qurilishi oʼsib borayotgan aholini qish paytlarida ham vitaminlarga boy hoʼl sabzavotlar bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Shu oʼrinda shaxsiy tomorqasidan moʼl hosil olishni istaganlar bu boradagi ayrim maslahat va tavsiyalarga amal qilishsa, foydadan xoli boʼlmaydi.

- Bugungi kunda dehqon va fermer xoʼjaliklari dalada sabzavot, poliz va kartoshka ekish uchun yer tayyorlash hamda koʼchat va urugʼliklarni jamgʼarishga kirishgan, - deydi “Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasining qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish boʼlimi bosh inspektori Аbbos Rizoqulov. – Аfsuski, ayrim hollarda dehqonlarimizning eьtiborsizligi tufayli navi, avlodi aniq boʼlmagan, saralanmagan, zararkunanda va kasalliklarga qarshi dorilanmagan mevali koʼchatlar, sabzavot-poliz, kartoshka urugʼlaridan foydalanish holatlariga yoʼl qoʼyiladi. Natijada sertifikatlanmagan urugʼlar zamburugʼli kasalliklar, kolorado qoʼngʼizi, simqurtlar va boshqa hasharotlarning tarqalishiga sabab boʼlib, ekinlarga katta zarar keltirmoqda.

Shuni eʼtiborga olgan har bir sabzavotkor va fermer dehqon xoʼjaliklari zararkunanda va kasalliklarni tarqalishini oldini olish maqsadida urugʼ boʼyicha quyidagi tavsiyalarga amal qilsa maqsadga muvofiq boʼladi. Jumladan, kartoshka urugʼini tanlash uchun birinchi navbatda uning navini, urugʼning nishlaganligi, kasallanmaganligi yoki chirimaganligi va zararkunandalar bilan zararlanmaganligini aniqlash kerak.

Qoʼshni viloyatdan keltirilgan boʼlsa, hududiy Oʼsimliklar karantin davlat inspektsiyasi nazoratidan oʼtganligi toʼgʼrisidagi fitosanitar sertifikati mavjudligini soʼrash lozim boʼladi. Chet davlatlardan keltirilgan boʼlsa, tegishli davlatning muvofiqlik sertifikati borligini talab qilish zarur. Shuningdek, ekishga yaroqlilik muddati oʼtmaganligiga ham eʼtibor qaratish kerak.

Mahalliy dehqonlar tomonidan yetishtirilgan urugʼlardan birinchi navbatda uning tozaligi, zararkunandalar bilan zararlanmaganligiga ishonch hosil qilgach, soʼng namuna olib unuvchanligini labaratoriya sharoitida sinab, ekishga yaroqligi xulosasi boʼyicha ekish tavsiya etiladi.

Аyni paytda bozorlar va xususiy savdo doʼkonlarida sotilayotgan koʼchatlar, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlarining sifatii hamda ekishga yaroqliligi nazorati boʼyicha Inspektsiya viloyat boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari inspektorlari tomonidan doimiy ravishda tadbirlar oʼtkazilmoqda.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech