Ру Ўз O`z En

Sifatsiz urug‘lik chigit yetkazib berishning oldi olinmoqda

11 May 2021 2453

O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi qonuni 17-moddasi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga bir qator huquqlar, yaʼni har qanday urug‘lik yetishtiruvchining, realizatsiya qiluvchining va urug‘liklardan foydalanuvchilarning hududiga kirish, urug‘lik to‘dalariga doir zarur axborot, hujjatlar va namunalarni olish, urug‘liklarni qonun hujjatlarini buzgan holda saqlashni, realizatsiya qilishni to‘xtatib qo‘yish yoki taqiqlash kabi huquqlar belgilangan.

Shunga muvofiq, Inspeksiyaning Toshloq tuman bo‘limi tomonidan “Toshloq Paxta Tozalash” AJda “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi qonun talablari, urug‘lik chigitlarning sifatini aniqlash va saqlash qoidalariga rioya qilinishi holatlari bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borildi.

Tekshirishlar davomida ushbu aksiyadorlik jamiyatining “Zarkent” paxta saqlash maskaniga qarashli urug‘lik saqlash omborida jami 3 ta partiyadan iborat urug‘lik chigiti mavjud bo‘lib, taqdim etilgan hujjatlarga asosan jamiyatga tegishli bo‘lgan 2019 yil hosili uchun Namangan viloyati “Uychi” paxta tozalash korxonasida tayyorlanib olib kelingan 705-partiyadagi “S-8295” navli, birinchi avlod urug‘ligidan 2993 kilogramm tuksiz urug‘ saqlanayotgani aniqlandi.

Biroq, saqlanayotgan urug‘lik chigit miqdori sanoqdan o‘tkazilganda, jami 1911 kilogramm urug‘lik chigit saqlanayotganligi yoki hujjatda ko‘rsatilgan miqdordan 1082 kilogramm kam miqdorda urug‘lik chigit mavjudligi aniqlangan. Mazkur urug‘lik chigitning 1 kilogrammining narxi 11 ming 912,39 so‘m bo‘lib, omborda kam chiqqan urug‘lik chigitning umumiy summasi 12 mln.889 ming 205 so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, ombordagi saqlanayotgan urug‘lik chigit Texnikaviy shartlar bo‘yicha davlat standarti talablariga javob bermagan, yaʼni urug‘likning navi, avlodi to‘g‘risidagi maʼlumotlar to‘liq ko‘rsatilmagan holda to‘dalanganligi va nosoz yog‘och tagliklar ustida, yirtilib qadog‘i buzilgan qoplarda saqlanayotganligi aniqlangan.

 Holbuki, mavjud urug‘lik chigitni saqlashga masʼullar biriktirilgan bo‘lsada, ularning o‘z ishiga masʼuliyatsizligi natijasida urug‘likning kamomadiga yo‘l qo‘yilib, borini ham tegishli tartib-qoidalar asosida saqlashga bepisandlik bilan qaralgan. Urug‘lik chigitni saqlash uchun bevosita masʼul bo‘lgan ombor mudiri topshirilgan vazifaga masʼuliyatsizlik bilan yondashganligi oqibatida holat yuzasidan hujjatlar to‘planib, qonuniy chora ko‘rish uchun tuman prokuraturasiga taqdim etildi.

Yuqoridagi saʼy harakatlar va urug‘liklarni saqlashdagi masʼuliyatsizlik oqibatida fermer xo‘jaliklariga sifatsiz urug‘lik yetkazib berishning oldi olindi hamda bu boradagi nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.  

B.Ismatov,“O‘zagroinspeksiya” Toshloq tuman bo‘limi katta inspektori.

Text to speech