Sirdaryolik ko‘pni ko‘rgan, tajribali dehqonlar 2022 yilda g‘alladan gektariga 60-70 sentnerdan oshirib hosil yetishtirish uchun astoydil xarakat qilishmoqda. Shu maqsadda dastavval yerni “To‘ydirish”ga alohida eʼtibor qaratilayapti. Bunda, g‘alla ekinlarini mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish muhim ahamiyatga ega.
Sirdaryoda 2022 yil hosili uchun 80 ming gektar yer maydoniga ekilgan boshoqli don ekinlari uchun mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. G‘alla parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlar rejasiga ko‘ra jami 400 ming tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, har 5 gektarga 1 tadan jami 16 ming ta hosil xandaqlari qazish rejalashtirilgan.
G‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi samarasi o‘laroq, bugungi kunda mavsum boshidan viloyatda jami 227 ming 504 tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arilib, 13 ming 87 ta hosil xandaqlari qazildi. 27 ming 748 gektar azotli o‘g‘itlar bilan va 7 ming 241 gektar g‘alla maydoni g‘alla bargidan oziqlantirildi.
Joriy yilning bugungi kun holatiga ko‘ra, viloyatdagi 23 ming 155 gektar g‘alla maydonlaridagi g‘alla nihollarida 3-4 tadan barglar mavjud bo‘lsa, 56 ming 845 gektar yer maydonidagi g‘alla ekinlari to‘liq tuplagan, - deydi O‘zagroinspeksiya” Sirdaryo viloyat boshqarmasining “Texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish bo‘limi” katta inspektori Abdulatif Qosimov.
G‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan jiddiy nazorat o‘rnatilgan. Shu maqsadda, joriy yilning yanvar oyi o‘tgan davri mobaynida g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib bormagan dehqon fermer xo‘jaliklariga 413 ta taʼsir choralari qo‘llanildi. Shundan 374 ta ko‘rsatma va 39 ta yozma ogohlantirishlar berildi.
"O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi Axborot xizmati