Yer bebaho ne’mat, undan oqilona foydalanish fuqarolik majburiyati hisoblanadi. Qonunlarimizda ham yerdan samarasiz foydalanish, unga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik belgilangan. Ammo ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlaridan qonunga zid tarzda foydalanish, ularni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirish holatlari uchramoqda.
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Toyloq tuman bo‘limi xodimlari tomonidan Yer kodeksi ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan motoring-tahlil tadbirlari davomida shu kabi qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, Xo‘jayuz mahallasida yashovchi uch nafar fuqaro hech qanday hujjatsiz, “Musoxon Ziyoxon” fermer xo‘jaligiga ijaraga berilgan sug‘oriladigan maydonni o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy ravishda uy-joy qurgan. Yer maydoni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilishi oqibatida davlatga 43 million 358 ming 773 so‘m zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi.
Holat bo‘yicha, Toyloq tumanlararo fuqarolik sudining hal qiluv qarori bilan javobgar hisobidan davlat foydasiga 43 million 358 ming 773 so‘m miqdordagi yetkazilgan zarar va davlat boji undirilishini belgilandi.
Furqat UMIROV, "O‘zagroinspeksiya" viloyat boshqarmasi, Toyloq tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari