Ру Ўз O`z En

Sugʼoriladigan yer maydonini noqonuniy oʼzlashtirgan 5 nafar fuqaroga chora koʼrildi

25 Sentyabr 2020 2189

Аyni murakkab vaziyatda mamlakatda aholining sifatli qishloq xoʼjaligi mahsulotlariga boʼlgan ehtiyojini qondirish, qolaversa oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda yerdan unumli foydalanish va uning talon-toroj qilinishining oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuni eʼtiborga olgan holda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspektsiyasi tomonidan qishloq xoʼjaligi korxonalariga ajratilgan yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanish yuzasidan nazorat tadbirlari oʼtkazilmoqda. Maʼlum boʼlishicha, joylarda qonunbuzilishi va oʼzboshimchalik bilan yerlarni egallab olish holatlari mavjud.

Jumladan, Inspektsiyaning Toyloq tuman boʼlimi tomonidan oʼtkazilgan monitoring davomida tumanning Xoʼjayuz mahallasida yashovchi besh nafar fuqaro “Bogʼizogʼon” agrosanoat firmasi hududidagi “Musoxon Ziyoxon” fermer xoʼjaligi uchun ijaraga berilgan 1090-raqamli dala konturidan 0,31 gektar sugʼoriladigan yer maydonini oʼzboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy uy-joy qurib olganligi maʼlum boʼldi. Natijada yer maydonini qishloq xoʼjaligi muomalasidan chiqishi oqibatida davlatga jami 31 mln 485 ming 464 soʼm zarar yetkazilgani aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Inspektsiyaning tuman boʼlimi tomonidan, Toyloq tumanlararo fuqarolik sudiga daʼvo ariza kiritildi.

Qonunbuzilish holatlari yuzasidan Toyloq tumanlararo fuqarolik sudining hal qiluv qaroriga koʼra, javobgarlar hisobidan davlat foydasiga yetkazilgan zararni qoplashi hamda 1 mln 349 ming 212 soʼm miqdorida davlat boji undirilishi toʼgʼrisida qaror qabul qilindi.

- Oʼzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 90-moddasida “Er uchastkalarini oʼzboshimchalik bilan egallab olganlikda,qishloq xoʼjaligi yerlarini va boshqa yerlarni yaroqsiz holga keltirganlikda, ularni kimyoviy va radioaktiv moddalar, ishlab chiqarish chiqindilari va oqava suvlar bilan ifloslantirganlikda, yerlarning holatiga salbiy taʼsir koʼrsatadigan obʼektlarni joylashtirganlikda, qurganlikda aybdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar boʼlishlari” belgilangan. Inspektsiya organlari tomonidan qishloq xoʼjaligi korxonalariga qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish yuzasidan doimiy nazorat oʼrnatilgan. Yuqoridagi singari holatlarning oldini olish maqsadida fermer xoʼjaligi rahbarlari va hamkor tashkilotlar xodimlari oʼrtasida huquqiy targʼibot tadbirlari oʼtkazib kelinmoqda. Turli koʼrgazmali qurollar, qoʼllanmalar asosida aholi va tadbirkorlik subʼektlarining huquqiy ong va bilimlari oshirilmoqda,-deydi Inspektsiyaning Toyloq tuman boʼlimi boshligʼi Zoyir Eshonqulov.

Yana bir gap. Barpo etilayotgan huquqiy demokratik davlatda qonun ustuvor boʼlishi muhim ahamiyatga ega. Barchamiz amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etgan holda ish tutsak, turli koʼngilsiz holatlarning oldini olgan boʼlamiz.

 

Аgronspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi

Text to speech