Qishloq xoʼjaligi sohasida foydalaniladigan suvni tejamkorlik bilan ishlatish agrar tizimning muhim tadbirlaridan biri hisoblanadi. Bu borada eʼtiborsizlikka yoʼl qoʼyganlar uchun tegishli meʼyoriy hujjatlarga koʼra choralar qoʼllanilishi belgilangan. Shunga koʼra, “Oʼzagroinspektsiya”ning Navoiy viloyati boshqarmasi hamda tuman boʼlimlari tomonidan suv xoʼjaligi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, sunʼiy suv obʼektlarida suvdan oqilona va samarali foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib borilmoqda.
Jumladan, joriy yilda oʼtkazilgan 451 ta nazorat tadbirlarida 219 ta holatda qonunbuzilish holatlari aniqlanib, bartaraf etilishi taʼminlandi. Xususan, aksariyat holatlarda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalariga rioya etmaslik, suv obʼektlarining holatiga taʼsir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni oʼzboshimchalik bilan bajarish, belgilangan suv olish limitlarini buzish, suv miqdorining dastlabki hisobini yuritishda beparvolik kabi qonunbuzilishlar aniqlanib, tegishli choralar koʼrildi.
Yuqoridagi aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Inspektsiyaning viloyat boshqarmasi va tuman boʼlimlari tomonidan vakolat doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 206 ta maʼmuriy qarorlar qabul qilinib, 22 million 969 ming soʼm jarima undirilishi belgilandi. Bundan tashqari Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 19 martdagi 82-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʼzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʼgʼrisidagi Nizomning 60-bandiga asosan 10 ta holatga nisbatan 3 million 799 ming soʼm jarima sanktsiya qoʼllanildi.
Oʼz navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʼrish toʼgʼrisida 10 ta yozma koʼrsatma va taqdimnoma kiritildi.
- Joriy yilning hozirgi davriga qadar huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 628 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.- deydi “Oʼzagroinspektsiya”ning viloyat boshqarmasi bosh inspektori Mehriddin Vohidov. – Nazorat tadbirlari bilan birga hududlarda boʼlib qonunbuzilishlar oldini olish maqsadida meʼyoriy-hujjatlar mazmun-mohiyatini keng targʼib qilyapmiz. Ekin yerlarini sugʼorishda beparvolik qilib, boshoqli don maydonlarini koʼllatib yuborgan, oʼziga yuklatilgan vazifalarga yuzaki yondashib, nasos stantsiyalarida suv oʼlchash ishlarini amalga oshirmay kelgan hamda suv va suv obʼektlariga taʼsir koʼrsatuvchi gidrotexnika ishlarini oʼzboshimchalik bilan bajarganlar noyabrь oyidagi nazorat tadbirlarimizda aniqlanib, ularga nisbatan ham tegishli choralar koʼrildi.
Qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suvdan oqilona foydalanish borasidagi nazorat tadbirlari joylarda uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Muhimi, bu qonunlarga rioya etilishini taʼminlash va ertangi farovon hayotni maqsad qilgani bilan ahamiyatlidir.
“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati