Ру Ўз O`z En

Suv olish joylarida 265 ta holatda suvning hisobi yuritilmagan

6 Noyabr 2020 2192

Maʼlumki, suvga doir munosabatlar “Suv va suvdan foydalanish toʼgʼrisida”gi Qonun hamda unga muvofiq chiqarilgan suv toʼgʼrisidagi boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 19 martdagi 82-sonli qarori bilan “Oʼzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʼgʼrisida”gi Nizom tasdiqlangan boʼlib, joylarda qishloq xoʼjaligi maqsadlari uchun amalga oshirilayotgan suvga doir munosabatlarda mazkur tartib talablariga rioya etilayotganligi “Oʼzagroinspektsiya”ning hududiy boshqarmalari va tuman boʼlimlari tomonidan oʼrganilib kelinmoqda.

2020 yilning oktyabrь oyida “Oʼzagroinspektsiya” va uning quyi tuzilmalari tomonidan joylarda belgilangan tartibda oʼtkazilgan oʼrganishlarda jami 5385 ta holatda kamchiliklarga yoʼl qoʼyilganligi aniqlandi:

Xususan, Suv xoʼjaligi tizim tashkilotlari hisobida boʼlgan irrigatsiya tizimlarida 691 ta suv olish joylaridagi suvni boshqarish vositalari, 451 ta suv olish joylaridagi suv oʼlchash vositalari nosozligi, 265 ta suv olish joylarida suvning hisob-kitobi jurnallari yuritilmaganligi hamda 365 ta suv olish joylarida jurnallar xatoliklar bilan yuritilganligi, 14 ta holatda suvdan foydalanish boʼyicha shartnomalar tuzilmaganligi aniqlandi.

Misol uchun, 2020-2021 yil kuzgi-qishki mavsumi uchun “Toʼpolang-Qoratogʼ” hamda “Surxon-Sherobod” irrigatsiya tizimi boshqarmalari bilan Bandixon tuman irrigatsiya boʼlimi hamda Toshkent viloyati nasos stantsiya va energetika boshqarmasi bilan Boʼka tuman irrigatsiya boʼlimlari oʼrtasida suvdan foydalanish boʼyicha shartnomalar tuzilmagan va limit ajratilmagan.

Shu kabi, Piskent, Boʼka, Oʼrtachirchiq, Yangiyoʼl, Bandixon, Shumanay, Аsaka, Jarqoʼrgʼon, Sherobod, Termiz, Urganch, Bogʼot va Qoʼshkoʼpir tumanlar irrigatsiya boʼlimlari bilan suv isteʼmolchilari uyushmalari oʼrtasida shartnoma rasmiylashtirilmagan. Mavsum uchun suv limiti ajratilmagan.

Bundan tashqari, Suv isteʼmolchilari uyushmalari, fermer xoʼjaliklari va klasterlar tomonidan ishlatilayotgan sugʼorish tarmoqlaridagi 1176 ta suv olish joylari suvni boshqarish, 910 ta suv olish joylari suv oʼlchash vositalari bilan jihozlanmagan. 666 ta suv olish joylarida suvning hisob-kitobi yuritilmaganligi, 849 ta holatda suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari oʼrtasida suv isteʼmoli boʼyicha shartnomlar tuzilmaganligi aniqlandi.

Oʼrganishlarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan “Oʼzagroinspektsiya”ning quyi tuzilmalari tomonidan vakolati doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 757 ta (271,6 mln.soʼm) maʼmuriy, 983 ta (895,1 mln.soʼm) jarima sanktsiyalar qoʼllanildi. 536 ta holat yuzasidan toʼplangan hujjatlar koʼrib chiqishlik uchun maʼmuriy sudlarga kiritilishi taʼminlandi.

Oʼz navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʼrish toʼgʼrisida 636 ta yozma koʼrsatma va taqdimnoma kiritildi.

Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 3099 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.

Bugungi kunda nazorat tadbirlari belgilangan tartibda oʼtkazilib kelinmoqda.

“Oʼzagroinspektsiya”ning Qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi

Text to speech