O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-144-sonli Qarorining tegishli bandlari ijrosini taʼminlash bo‘yicha “O‘zagroinspeksiya” tomonidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 2021 yilda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan 3896 ta talabgorlar ro‘yxati shakllantirildi. Jumladan, mazkur ro‘yxatga asosan, Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 3548 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning 93,9 ming gektar paxta maydonlariga 754,4 mlrd. so‘m, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 26 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning 4,1 ming gektar g‘alla, ozuqabop, sabzavot va poliz maydonlariga 28,6 mlrd. so‘m, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi 310 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning 10,1 ming gektar bog‘-tok maydonlariga 86,3 mlrd.so‘m, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan 12 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning 846,1 gektar tokzor maydonlariga 7,7 mlrd. so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Inspeksiya tomonidan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga 2021 yilda suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilganligi uchun davlat byudjetidan jami 3896 ta (109 ming gektar yerga) subsidiya mablag‘lari ajratilgan. Shundan bugunga qadar 236 tasi (7,2 ming gektar yerga) suv tejaydigan sug‘orish tizimlarini sug‘orish mavsumida ishlatishga ulgurmaganligi aniqlangan. Agroinspeksiyaning hududiy boshqarmalari tomonidan aniqlangan holatlar bo‘yicha, mazkur tizimni 2022 yil sug‘orish mavsumiga qadar ishga tushirmagan taqdirda olingan subsidiya mablag‘lari belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytarishi to‘g‘risida ogohlantirishlar berildi.
Jumladan, Farg‘ona viloyatida joriy qilingan 452 ta suv tejaydigan texnologiyalardan 83 tasi 1741 gektar maydonlarda ishlatishga ulgurmaslik holatlari aniqlangan bo‘lsa, Qashqadaryoda 546 tadan 64 tasi (617,4 ga), Xorazmda 304 tadan 40 ta (2438,6 ga), Namanganda 116 tadan 17 ta (525 ga), Navoyida 245 tadan 10 ta (199 ga), Jizzaxda 405 tadan 7 ta (95 ga), Surxondaryoda 23 tadan 1 ta (993 ga), Toshkent viloyatida 118 tadan 5 ta (95 ga), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 127 tadan 9 tasida (309 ga) suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan bo‘lsada, ishga tushirilmagan.
Mazkur qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari kesimida alohida ro‘yxat shakllantirilib, Inspeksiya tomonidan to‘liq nazoratga olindi.
"O‘zagroinspeksiya”ning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi