Suv hayot manbai, to‘kin-sochinlik ramzi! Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ham suvning o‘rni beqiyos. Shu bois, Yurtboshimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda suv tejamkor uskunalardan foydalanish, sohaga innovatsion yondoshish, bir so‘z bilan aytganda, tomchilatib sug‘orishni joriy etish yuzasidan tizimli tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bularning barchasi zamirida suvning har bir qatrasidan tejab-tergab foydalanish singari ezgu maqsad mujassam.
Ammo, hamma vaqt ham hayotiy, bebaho ne’mat sanalmish suvni isrof qilmasdan foydalanilayapti deb bo‘lmaydi. Taassufki bunday holatlar qishloq xo‘jaligi tizimida ham uchrab turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Tayloq tumani bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga rioya etilishi, qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish, isrofgarchilikning oldini olish va uni to‘g‘ri taqsimlashni tashkil etish yuzasidan monitoring-o‘rganish tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida, tumanning Qorasuv kanali nazoratchisi A.R. hamda Shavdar kanali nazoratchisi Sh.J. suv ob’ektlaridan belgilangan suv olish limitlari, suvdan foydalanish va suv istemoli rejalarini buzganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining “Dehqon xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi Qonuni 31-moddasi ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan monitoringda fuqaro N.P. Toyloq tuman hokimining qaroriga asosan Sochakipayon mahallasidan 0.35 ga maydonda dehqon xo‘jaligida foydalanish uchun ajratib berilgan yer maydonining bir qismidan samarali foydalanmasdan yerdan foydalanish qoidalarini buzganligi aniqlandi. Yuqoridagi holatlarga ko‘ra, MJtKning tegishli moddalariga asosan ma’muriy jazo chorasi belgilandi.
"O‘zagroinspeksiya"ning Samarqand viloyat boshqarmasi