Ру Ўз O`z En

Suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi bo‘yicha tizimli nazorat olib borilmoqda

21 Iyun 2022 1554

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2022 yilda kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bilan ishonchli taʼminlashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan  chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022 yil 10 maydagi 243-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida nazorat tadbirlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, “O‘zagroinspeksiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan 2022 yil sug‘orish mavsumi uchun tasdiqlangan suv olish limitlari doirasida tuman irrigatsiya bo‘limlari bilan klaster, fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa suv isteʼmolchilari o‘rtasida suv isteʼmoli bo‘yicha tuzilgan shartnomalar holati o‘rganildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 6690 ta subyektlarning 2205 tasi (33%) bilan suv isteʼmoli to‘g‘risida shartnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi, lekin shuning bilan birga bir qator tuman irrigatsiya bo‘limlari tomonidan shartnoma tuzish ishlari kechiktirilayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Jumladan, bugungi kunga qadar Bo‘ka, Bo‘stonliq, Toshkent tumanlarida mavjud suv isteʼmolchilarining 30-40 foizi bilan endi shartnoma tuzilgan.

Irrigatsiya va sug‘orish tarmoqlarida suvni taqsimoti va hisobini yuritish ishlari o‘rganilganda, Ohangaron, O‘rtachirchiq, Parkent, Chinoz tumanlarida jami 29 ta suv olish joylari suvni boshqarish, Bekobod, Yuqorichirchiq, Bo‘ka tumanlarida 14 ta suv olish joylari suv o‘lchash vositalari bilan jihozlanmaganligi va suvni hisobi yuritilmaganligi aniqlandi.

O‘z navbatida, aniqlangan holatlar yuzasidan suv isteʼmoli bo‘yicha shartnoma tuzish ishlarini qisqa muddatda yakunlash hamda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli bo‘yicha belgilangan tartibda nazorat qilib borish uchun shartnomalar reyestrini “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlariga taqdim etish yuzasidan “Chirchiq-Ohangaron” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va 14 ta tuman irrigatsiya bo‘limi boshliqlariga rasman ogohlantirishlar berildi.

Shuningdek, boshqa huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan javobgarlikka tortildi.

Bugungi kunda viloyatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga, shuningdek, suv olish limitlariga qatʼiy rioya etilishi bo‘yicha tizimli nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, aniqlangan qonunbuzilishi holatlariga nisbatan belgilangan tartibda taʼsir chorasini qo‘llash taʼminlanadi.

U.Nurbekov,“O‘zagroinspeksiya” Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i v.v.b

D.Eshonov, “O‘zagroinspeksiya” Toshkent viloyat boshqarmasi bosh inspektori

Text to speech