O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 maydagi 310-sonli “Qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va suvni yetkazib berish bo‘yicha xarajatlarni qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan sun’iy suv ob’ektlaridagi suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash hamda suvning hisob-kitobi yuritilishi yuzasidan joylarda maqsadli o‘rganishlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Ma’lumki, qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish suv tanqisligining oldini olish, barcha hududlarga ob-hayotning birdek yetib borishini ta’minlash hamda suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash hamda suvning
hisob-kitobi yuritilishi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Xususan, 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda, 206 ta holatda kamchiliklar aniqlandi.
Jumladan, viloyatdagi suv xo‘jaligi tizim tashkilotlari hisobida bo‘lgan irrigatsiya tarmoqlaridagi suv olish joylarida 83 ta holatda suvni boshqarish, 2 ta holatda suv o‘lchash vositalarining nosozligi, 4 ta holatda jurnal yuritilmaganligi hamda 9 ta suv olish joylarida ular xatoliklar bilan yuritilganligi aniqlandi.
Shuningdek, suv iste’molchilari uyushmalari, fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan ishlatilayotgan sug‘orish tarmoqlaridagi suv olish joylarida 179 ta holatda suvni boshqarish va 66 ta holatda suvni o‘lchash vositalari bilan jihozlanmaganligi aniqlangan.
Misol uchun, Yakkabog‘ tuman irrigatsiya bo‘limi hisobidagi O‘ng qirg‘oq kanali boshlig‘i va xodimlari tomonidan, Nug‘ayli suv ombori boshlig‘i, hamda Qamashi tumani irrigatsiya bo‘limi hisobidagi L-1 kanali boshlig‘i tomonidan suvlarning hisob-kitob jurnallarini yuritish qoidalarini buzganligi aniqlanib, ularga belgilangan tartibda chora ko‘rildi.
Shuningdek, Muborak tumani Qarliq hududi “Ilyos Rahmiddin” fermer xo‘jaligi, Guliston hududi “Naym tilakov” fermer xo‘jaliklari suvni boshqarish vositalari bilan jihozlanmaganligi, G‘uzor tuman irrigatsiya bo‘limi hisobidagi O‘ng qirg‘oq kanali boshlig‘i va xodimlari tomonidan hamda Batosh hududidagi hududiy ma’sul mirobi tomonidan suvlarning hisob-kitobi jurnallarini yuritish qoidalarini tartib bilan yuritilmaganligi hamda suv iste’molchilari tomonidan suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanganligi aniqlangan. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 17 ta holatda 7 mln. 858 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar, 53 ta holatda 12 mln. 630 ming so‘mlik moliyaviy jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
O‘z navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida 47 ta yozma ko‘rsatma va taqdimnoma kiritildi.
Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 85 ta suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.
Bugungi kunda nazorat tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilib kelinmoqda.
Oybek TO‘RAQULOV, “O‘zagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori