Inspeksiyaning Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya yo‘nalishida joriy yilning 9 oyi davomida jami 283 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, tekshirishlar davrida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 52 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Jumladan, 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risidagi”, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini nazorat qilish maqsadida jami 25 ta tekshirishlar va monitoringlar o‘tkazilgan bo‘lib, natijasi bo‘yicha 4 ta maʼmuriy qaror qabul qilingan, 14 ta holatda bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar, va 11 ta xo‘jalik subyektiga ogohnomalar kiritilgan, 4 ta holat bo‘yicha to‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot organlariga yuborilgan.
Inspeksiya qoshidagi "Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash" davlat muassasasi (Markaz) tomonidan urug‘lik donni sertifikatlash ishlari amalga oshirilib, mazkur jarayonlar bevosita joyning o‘zida Sertifikatlash ishlari bo‘limi xodimi tomonidan nazorat qilib borilmoqda va kunlik maʼlumotlar shakllantirilmoqda.
Joriy yilning 19-oktyabr holatiga Inspeksiya qoshidagi Markaz tomonidan jami 266 684 tonna urug‘lik dondan namuna olinib, shundan 99 foizi yoki 259 380 tonna urug‘lik dondan olingan namunalarni tahlildan o‘tkazish ishlari yakunlandi. Tahlil natijalariga ko‘ra, 250 126 tonna urug‘lik donni ekinboplik sifati ko‘rsatkichlari standart talablariga to‘liq muvofiq ekanligi maʼlum bo‘ldi va muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirildi.
Hozirda 7 305 tonna urug‘liklardan olingan namunalar Markaz laboratoriyasining maxsus uskunalariga joylashtirilib, ularning sifatini aniqlash ishlari davom etmoqda.
Sh. Mamadaliyeva, "O‘zagroinspeksiya"ning Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya bo‘yicha bosh mutaxassisi