Ру Ўз O`z En

Xorijdan olib kelingan g‘o‘za urug‘larining yetishtirilishi ustidan nazorat olib borilmoqda

31 May 2024 1187

Joriy yildan boshlab sinov tariqasida Respublikamizning bir qator hududlarida g‘o‘zaning xorijiy nav va duragaylarini yetishtirish yo‘lga quyildi

Prezidentning 2023-yil 15-dekabrdagi “Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-391-sonli qarorida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga – paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini yetishtirishda ularning aprobatsiyasini to‘g‘ri va o‘z muddatida o‘tkazish, urug‘liklarni tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlashning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiqligini taʼminlash vazifasi yuklatilgan edi.

Mazkur qaror ijrosining bajarilishi bo‘yicha, bugungi kunda “O‘zagroinspeksiyaning markaziy apparati hamda hududiy boshqarmalari va uning tuman bo‘limlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda xorijdan keltirilgan nav va duragaylarni yetishtirilishi ustidan tizimli nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foizigacha bo‘lgan maydonlarga g‘o‘zaning xorijiy nav va duragaylarini ekish bo‘yicha viloyat hokimlari tomonidan qarorlar qabul qilinib, 101,4 ming gektar maydonga g‘o‘zaning xorijiy nav va duragaylarini ekish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Bugungi kungacha belgilangan hududlarga xorijdan g‘o‘zaning 2,4 ming tonna nav va duragaylari olib kelingan bo‘lib, ushbu xorijiy chigitni 4 808 ta xo‘jalik subyektlari tomonidan 95,8 ming gektar maydonlarda ekilishi taʼminlandi.

Ushbu maydonlar uchun jami 2,2 ming tonna urug‘lik chigit sarflangan bo‘lib, tahlillarimiz bo‘yicha 1 gektar maydon uchun o‘rtacha 23,3 kgni tashkil etmoqda.

O‘zagroinspeksiyaning markaziy apparati hamda hududiy boshqarmalari va uning tuman bo‘limlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda parvarish qilinayotgan g‘o‘zaning xorijiy nav va duragaylarining yetishtirilishi ustidan mavsum yakuniga qadar nazorat ishlari olib boriladi.

Text to speech