Ру Ўз O`z En

Joriy yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtiruvchi subyektlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov natijalari 

8 Iyun 2023 1640

“O‘zagroinspeksiya”ga qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishi sohasida bir qator huquqlar va vakolatlar berilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekiladigan urug‘larini yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilishni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi ustidan nazorat olib boradi.

O‘tgan 2022 yilda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirishga ixtisoslashtirilgan hududlar belgilangan bo‘lib, ushbu hududlarda 2023 yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish vakolatiga ega bo‘lish uchun 119 ta tumanlar hokimliklari tomonidan  tanlov o‘tkazilishi belgilangan.

Urug‘lik paxta xom-ashyosi yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun xo‘jaliklar o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlovlar hukumatning tegishli qaror va meʼyorlari asosida o‘tkaziladi.

Shu maqsadda, joylardagi tanlov ishchi guruhlariga 3 793 nafar talabgordan arizalar tushgan bo‘lib, shundan 3 187 nafari g‘olib deb topilgan, qolgan 606 nafar subyektlar turli sabablarga ko‘ra urug‘lik paxta yetishtirishga noloyiq deb topilgan.   

Mazkur tanlovlarning shaffoflik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazilishi o‘rganilganda ayrim viloyat va tumanlarda bir qator qonunbuzilish holatlari mavjudligi aniqlandi.

Jumladan, Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomda tanlovlarni o‘tkazish muddatlari, baholash tartibi va taqdim etiladigan hujjatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar aniq belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, 62 ta tumanlarda tanlovlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilmaganligi aniqlandi.

Xususan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 11 ta tumanda, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 7 ta tumanda, Namanganda 9 ta, Qashqadaryoda 6 ta, Jizzaxda 5 ta, Sirdaryoda 4 ta, Xorazmda 2 ta tumanlardagi tanlovlar belgilangan muddatlarda o‘tkazilmagan.

Shuningdek, 350 ta holatda tanlov g‘oliblarining to‘plagan o‘rtacha ballari noto‘g‘ri hisoblangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich Andijon viloyatida 150 ta, Jizzaxda 73 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 46 ta, Toshkent viloyatida 29 ta, Buxoroda 17 ta, Navoiyda 11 ta, Xorazmda 9 ta, Samarqandda 8 ta, Farg‘onada 5 ta, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida esa 1 tadan talabgorlarda kuzatilgan.

Bundan tashqari, talabgorlar tomonidan tanlov komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlarning holati o‘rganilganda jami 239 ta holatda talab etiladigan hujjatlar to‘liq bo‘lmaganligi aniqlandi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Toshloq, Dang‘ara, Buvayda va Uchko‘prik tumanlaridagi jami 25 nafar subyektlarning 240 gektar maydoni ushbu tumanlarga urug‘lik yetishtirish uchun ajratilgan maydonga nisbatan oshiqcha olingani kuzatildi.

Bundan tashqari, urug‘lik paxta yetishtirish vakolatiga ega bo‘lish uchun tanlovlar faqat ixtisoslashtirilgan hududlardagi subyektlar o‘rtasida o‘tkazilishi lozim bo‘lsada, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ushbu talabga rioya qilinmasdan 29 nafar subyektlarning 1 341 gektar maydoni tanlov g‘olibi deb topilgan.

O‘rganishlar natijasida, tumanlarda tashkil qilingan tanlov komissiyalari tomonidan ushbu tadbirning o‘tkazilishi davomida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanishining oldini olish maqsadida 48 ta ogohnoma, 134 ta bajarilishi majburiy xarakterga ega bo‘lgan yozma ko‘rsatma, 20 ta taqdimnoma tuman ishchi guruhlariga kiritildi va 3 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 2 ta holatda aniqlangan qonunbuzilishi bo‘yicha to‘plangan materiallar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kiritildi.  

Bugungi kunda, urug‘lik paxta yetishtirish vakolatiga ega bo‘lgan 3 187 nafar fermer xo‘jaliklari, 51 ta maxsus elita urug‘chilik xo‘jaliklari, 17 ta ilmiy tadqiqot institutlari ilmiy tajriba stansiyalarining qariyb 102 ming gektar maydonlarida 22 ta ertapishar, 5 ta o‘rtapishar, 3 ta ingichka tolali, 24 ta istiqbolli va 50 dan ortiq yangi g‘o‘za navlarining yuqori avlodli urug‘liklarini yetishtirishda agrotexnik tadbirlarning optimal muddatlarda o‘tkazilishi monitoring qilib borilmoqda.

 

N.Ismailov, M.Kurbanbayev, I.Gulmuratov, “O‘zagroinspeksiya” Qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi

Text to speech