Yer umummilliy boylikdir, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan Pastdarg‘om tumani, “S.Mallayev” massivida faoliyat olib borayotgan “Alibobo” fermer xo‘jaligi hisobida bo‘lgan jami 0,1575 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydonini qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilishi oqibatida jami 169 mln 841 ming 613 so‘m miqdorida davlat manfaatlariga zarar keltirilganligi maʼlum bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida, tumanning “Do‘stlik” massivida faoliyat olib borayotgan “Chortut” fermer xo‘jaligi hisobida bo‘lgan 40-konturdagi 68 bonitet balli, 0,25 gektar yer maydoni tumanning “Madaniy yurish” mahallasida yashovchi fuqaro A. G. tomonidan huquqiy hujjatlarsiz o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, shundan 460,4 kv.metr o‘lchamda uy-joy va beton poydevor qurilishi ishlarini amalga oshirganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan 460,4 kv.metr yer maydoniga uy-joy va beton poydevor qurilishi ishlarini amalga oshirilishi natijasida yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilishi oqibatida davlatga 48 mln 807 ming 775 so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kiritilishi taʼminlandi.
Bugungi kunda Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish nazoratga olingan.
A.Xolbekov, Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasining Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i