Ру Ўз O`z En

Tomchilatib sugʼorish – suvni tejab, daromadni oshiradi

10 Fevral 2021 2484

Dunyo afkor ommasi suv tanqisligining oldini olish yuzasida bosh qotirayotgan pallada, serquyosh diyorimizda suv resurslarining salmoqli qismi qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtirishga sarflanayotgani eʼtiborga olinsa, bu beminnat neʼmatdan tejab-tergab foydalanish dolzarb masala sanaladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xoʼjaligida suvni tejadigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4919-sonli qarori ham, suv tanqisligining oldini olish hamda mahsulot yetishtirishda sifat va samaradorlikni yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Mazkur qaror ijrosini oʼz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan amaliy ishlar qilinmoqda.

Mazkur qarorga asosan, joriy yili Samarqand viloyatda 19 ming 146 gektarda tomchilatib sugʼorish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Shundan, 13 ming 269 gektar paxta, 2 ming 534 gektar bogʼ va 3 ming 30 gektar tokzorlarda suv tejovchi innovatsion texnologiyalar joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Jumladan, Kattaqoʼrgʼon tumanida 7 ming 983 gektar, Payariq tumanida 2 ming 355 gektar Pastdargʼomda 1 ming 433 gektar yer maydonida suv tejovchi texnologiyalar oʼrnatilishi belgilandi. Xozirgi vaqtda 28 ta loyihalar yuzasidan qurilish ishlari boshlab yuborilgan boʼlib, 4 ming gektardan ortiq yer maydoniga suv tejovchi uskunalar oʼrnatilmoqda.

Shuningdek, Narpay tumanida joriy yilda 1 ming 350 gektar yerda suv tejamkor uskunalar oʼrnatilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda tumanning Oybek MMTP hududida “Optima Аgro Klaster” MChJ klaster korxonasi tomonidan 415 gektar yer maydoniga suv tejamkor uskunalar oʼrnatish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʼlimlari tomonidan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun belgilangan loyihalar ijrosi yuzasidan kunlik monitoring-tahlil tadbirlari oʼtkazilmoqda.

Har bir loyiha yuzasidan buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar, ularning harakat rejasi, suv tejovchi texnologiyalar uchun keltiriladigan asbob-uskuna va boshqa tashkiliy - texnik masalalar hal etish yuzasidan nazorat oʼrnatildi.

Suv tejovchi uskunalar joriy etish har gektar yer hisobiga suvni 40-45 foizga tejash imkonini berishi bilan, hosildorlikni 15-20 sentnerga oshirishi bilan ahamiyatlidir. Buni viloyatimizdagi koʼplab klaster korxonalari, fermer xoʼjaliklari amalda sinab koʼrishdi.

Jumladan, Ishtixon tumanidagi “Maroqand Sifat Texstil” MChJ klaster korxonasi bir necha yildan beri paxta yetishtirishda suv tejovchi uskunalardan foydalanib kelmoqda. Natija yomon emas. Innovatsion texnologiyalar amaliyotga tadbiq etilgandan soʼng bir vaqtlar 15-20 sentnerdan paxta xom ashyosi yetishtirilgan hududlardan, birgina 2020 yili 40-45 sentner paxta xom ashyosi yigʼishtirib olindi. Har gektar yerdan odatiy usulda sugʼorishga nisbatan 40-45 foiz suvni tejashga erishildi. Suv tejamkor uskunalarning yana bir avzalligi shundaki, gʼoʼzaga agrotexnika qoidalariga asosan ishlov berish, kulьtivatsiya qilish keskin kamayadi. Mineral va mahalliy oʼgʼitlar aynan oʼsimlik ildiziga yuborilishi, hosildorlikning oshishiga xizmat qiladi.

Joriy yilda klaster korxonasi tomonidan 430 gektar yer maydoniga tomchilatib sugʼorish texnologiyasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

Maʼlumot oʼrnida: 2020 yili Samarqand viloyati boʼyicha jami 4 ming 788 gektar, shundan 2 ming 200 gektar paxta maydoni, 1 ming 616 gektar bogʼ zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar asosida tomchilatib va tuproq ostidan sugʼorish texnologiyalari joriy etildi.

Sohada amaliyotga tadbiq etiladigan yana bir innovatsiya – klaster korxonalari va fermer xoʼjaliklari yer maydonlarini lazer yordamida tekislash orqali suv sarfini 20-25 foiz, oʼgʼitni 15 foiz tejashga, hosildorlikni kamida 10 foizga oshirishdan iborat. Shu maqsadda joriy yilda viloyatimizda 9 ming 800 gektar maydonda lezarli uskuna yordamida tekislash rejalashtirilgan.

Muhtasar aytganda, tomchilatib sugʼorish har jihatdan foydali va samarali ekanligi amalda oʼz isbotini topmoqda. Shunday ekan, qishloq xoʼjaligi korxonalari hamda fermer xoʼjaliklari rahbarlari tomonidan zamonaviy innovatsion texnologiyalar joriy etilsa, suv resurslari va xarajatlarni tejash barobarida koʼproq daromad olishga zamin hozirlangan boʼlardi. Davlatimizning oʼz taraqqiyot yoʼli ham aynan shundan iborat.

Nurmamat Tursunov, “Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat

boshqarmasi boshligʼi

Text to speech