Ру Ўз O`z En

TOMCHILATIB SUG‘ORISHDAGI SUBSIDIYALAR TUYA QILINDIMI ?

27 Oktyabr 2022 2081

 “O‘zagroinspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan 2022 yilning o‘tgan davri davomida muhtaram Prezidentimizning Qaror, Farmon va Farmoyishlari hamda sohaga oid Hukumat qarorlari ijrosi doimiy ravishda taʼminlanmoqda.

Xususan, viloyat Inspeksiyasining Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar salmoqlidir.

O‘tgan 9 oy mobaynida soha inspektorlari tomonidan 3131 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 2052 ta ogohlantirish va 368 ta yozma ko‘rsatmalar berildi, 55 ta taqdimnomalar kiritildi, 141 ta holat rasmiylashtirilgan hujjatlar tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, 59 ta holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar sud organlariga yuborildi. 456 ta maʼmuriy jarima choralari qo‘llanildi.

Shuningdek, sohaga oid qaror va farmonlar ijrosi yuzasidan doimiy tarzda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-sonli qarorlari ijrosi yuzasidan Inspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri davomida doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Nazorat tadbirlari davomida qaror ijrosi yuzasidan bir qancha  huquqbuzarliklar aniqlandi.

Jumladan, Qamashi va Kitob tumanlarida yangi barpo etilgan tokzor maydonlariga joriy etilgan tomchilab sug‘orish texnologiyasidan foydalanilishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 10 ta holatda jami 913,3 mln.so‘m bajarilmagan ishlar uchun subsidiya mablag‘lariga qo‘shib yozish holatlari aniqlanib, tegishli tartibda huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Misol uchun, Kitob tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Panji Kishmishzorlari” ishlab chiqarish kooperatsiyasiga Tuman ishchi guruhi xulosasiga asosan tomchilab sug‘orish texnologiyasi uchun 280 mln.so‘m, nasos stansiyasi qurilganligi uchun 120 mln.so‘m, jami 400 mln.so‘m subsidiya mablag‘lari to‘lab berilgan.

Amalda sifatliylik darajasini belgilovchi koeffitsiyentga 80 mln.so‘m qo‘shib yozilgan, hujjatlarda qayd etilgan nasos stansiya qurilmaganligi sababli 120 mln.so‘m jami bo‘lib ishlab chiqarish kooperatsiyasiga bajarilmagan ishlar uchun 200 mln.so‘m subsidiya ortiqcha to‘langan.

Shuningdek, 2021 yilda 9145 gektar ekin maydonda  409 ta fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari tomonidan tomchilab sug‘orish texnologiyasi joriy etilganligi uchun xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratilgan edi.

O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlarining sohaviy inspektorlari tomonidan ushbu ekin maydonlarida doimiy ravishda profilaktika tadbirlar o‘tkazilgan. Shunga qaramay monitoringlar davomida 145 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 3141 gektar maydonda 2022 yil hosili uchun ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan foydalanilmayotganligi aniqlandi.

Jumladan, Mirishkor tumanidagi “Hayitov Obidjon”, Kasbi tumanidagi “Abdullayev Fozil Farmonovish”, “Xo‘jam Xolmurodov”, “Shirinboy Elbegi”, “Kamol”, Koson tumanidagi “Tog‘ayev Anvar”, Chiroqchi tumanidagi “Azizbek”, “Meyliyev Abdurazzoq” kabi fermer xo‘jaliklari tomonidan 2021 yilda paxta maydonlariga joriy etilgan tomchilab sug‘orish texnologiyasidan 2022 yil hosili uchun ekilgan paxta maydonni sug‘orishda foydalanmasdan anʼanaviy usulda sug‘organ.

Shu o‘rinda maʼlumot tariqasida aytib o‘tadigan bo‘lsam, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 23.02.2021 yildagi 95-sonli “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy yetish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining 3-bob 37-bandi talablari buzilganligi yaʼni suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy qilishda davlat byudjetidan subsidiya olgan talabgorlar suvni tejaydigan sug‘orish tizimidan 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda maqsadli va samarali foydalanishlari lozimligi belgilangan.  Aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va tegishli tuman hokimliklari yuborildi.

 

 

Oybek To‘raqulov,O‘zagroinspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori

Bobir Isroilov, O‘zagroinspeksiyaning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi katta inspektori

Text to speech