Ру Ўз O`z En

TOMDI: QIShKI MАVSUM UChUN ChORVА OZUQАSI TOʼLIQ JАMGʼАRILMАGАN

22 Dekabr 2020 2367

"Oʼzagroinspektsiya" Navoiy viloyat boshqarmasi, Tomdi tuman boʼlimi tomonidan yer resurslari, ayniqsa, yaylov yerlariga oid qonunchilik ijrosi ahvoli yuzasidan doimiy nazorat tadbirlari oʼtkazib kelinmoqda. Maʼlumot oʼrnida qayd etish joiz, tumanning umumiy yer maydoni 3 million 577 ming 611 gektarni tashkil qilib, shundan yaylov yerlar 2 million 5 ming gektarni va Tomdi davlat oʼrmon xoʼjaligiga qarashli 1 million 522 ming 439 gektarni tashkil etadi.

Hududda bugungi kunda jami 241 ta chorvachilik yoʼnalishidagi fermer xoʼjaliklari faoliyat yuritayotgan boʼlib, ularga 602 ming 654 gektar, 40 ta masʼuliyati cheklangan jamiyatga chorvachilik komplekslari tashkil etish uchun 136 ming 333 gektar yaylov yer maydonlari ajratib berilgan.

Tumanda yaylov yerlariga oid qonunchilik, ayniqsa, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 sentyabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʼlchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalarning toʼliq bajarilishi ustidan nazorat yanada kuchaytirildi. Xususan, 2020 yilda qoramollar, qoʼy-echkilar bosh sonini, goʼsht va sut ishlab chiqarishni koʼpaytirish, naslchilik ishlari hamda xizmat koʼrsatishni yanada rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash boʼyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi va uning joylardagi ijrosini taʼminlashni tizimli ravishda tashkil etish va uning nazoratini olib borish boʼyicha oʼrganishlar olib borilmoqda.

Tuman boʼyicha barcha toifadagi hoʼjaliklarda 39 ming 136 ta shartli mol bosh mavjud boʼlib, shundan 21 ming 927 tasi fermer xoʼjaliklari hisobiga toʼgʼri keladi. Chorvador uchun qishki mavsumdan talofatsiz oʼtib olish muhim jarayon hisoblanadi. Bunda asosiysi qahratonda chorvani toʼyimli va sifatli ozuqa bilan taʼminlash choralarini vaqtida koʼrish hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʼra, Tomdida har bir shartli molga 2 tonna dagʼal xashak toʼplash kerak boʼlsa, qish mavsumini betalofat oʼtkazishda jami 78 ming 272 tonna chorva ozuqasi jamgʼarish zarur. Bu reja esa hali toʼliq bajarilmagan. Qishning sovuq va izgʼirin kunlarida chorva uchun omuxta yem va boshqa kuchli ozuqalar talab qilinadi. Bugungi kunda rejaga asosan jami 180,2 tonna omuxta yem sotib olinishi kerak boʼlsa, hozirgacha uning 108,1 tonnasi sotib olingan.

- Bundan tashqari hayvonlar yuqumli kasalliklarini erta aniqlash, ularga tashxis qoʼyish va ular tarqalishini oldini olishga doir profilaktik ishlarning samaradorligini, chorva mollarinining majburan soʼyilishi, davlat veterinariya nazoratining ahvoli tahlil qilib kelinmoqda, - deydi “Oʼzagroinspektsiya” Tomdi tuman boʼlim boshligʼi Rustam Kamilov.- Oʼtkazilgan tahlillar, veterinariya idoralari tomonidan hayvonlarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ishlari toʼgʼri olib borilmaganligi, hayvonlarda yuqumli kasalliklar tarqalishini oldini olish ishlari samara bermayotganligini koʼrsatgan. Bundan tashqari, tuman veterinariya boʼlimi tomonidan chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etilmaganligi oqibatida, tumanda yirik shoxli mollar 166 boshga, hamda mayda shoxli mollar 1 ming 314 boshga kamaygan.

Olib borilgan nazorat tadbirlari davomida veterinariya uchastkalarida “Veterinariya toʼgʼrisida”gi Qonuni talablaridan kelib chiqqan holda epizootik emlashlarni amalga oshirilish ahvoli oʼrganilganda, tuman veterinariya xizmati masʼul xodimlari bu borada oʼzlariga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmasdan, qator qonunbuzilish holatlariga yoʼl qoʼyib kelishgani aniqlandi. Mazkur holatlar yuzasidan Inspektsiyaning tuman boʼlimi tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʼgʼrisida tuman hokimi nomiga taqdimnoma kiritilgan.

Tumanda ayni yoʼnalishdagi nazorat tadbirlari davom etmoqda.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech