Ру Ўз O`z En

Toshkent shahrining 6 ta tumanida yerga oid qonunbuzarliklar aniqlandi

30 Iyul 2024 1111

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining 2024-yilning birinchi yarimida Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan Toshkent shahridagi qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati o‘rganib borildi.

Shu maqsadda. yer sohasidagi qonun buzilishi holatlarining oldini olish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh tashkil qilingan bo‘lib, ishchi guruh tomonidan Toshkent shahrining Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Bektemir, Yangixayot, Sergeli tumanlarida yerdan foydalanuvchi subyektlarga tegishli qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanish holati Inspeksiya mutaxassislari tomonidan o‘rganildi.

O‘rganish natijasida 63 ta holatda 32,9 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydonlarida qurilish ishlari bajarilganligi va boshqa holatlar natijasida yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishi holatlari aniqlangan bo‘lib, shundan 16 ta holatda 10 gektar maydonda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib qurilishlar qurish, 31 ta holatda 12 gektar maydonda yerdan foydalanuvchi tomonidan o‘zini yeridan ruxsatsiz qurilish qurish, 2 ta holatda 1 gektar maydonga ruxsatsiz tuproqni unumdor qatlamiga zarar yetkazish, 14 ta holatda 11 gektar maydonga yer qonunchilik hujjatlariga zid ravishda yer ajratish holatlari aniqlangan.

Misol uchun Bektemir tumanida faoliyat yuritayotgan “AZIYA LU LU TONG”  MCHJ issiqxona uchun ajratilgan 1580-konturda joylashgan unumdorligi jihatidan  42 ballni tashkil etuvchi 2,15 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydoni atrofi g‘isht devorlar bilan o‘rab olinib, noqonuniy ravishda shag‘al qoplamalar bilan konteynerlar saqlash uchun beton qoplamalar qilingan va kapital qurilish asosida noturar bino inshootlar qurilib, suvli ekin yer maydonidan belgilangan maqsadda foydalanilmagan.

Shu kabi “NEW YECOTECH” MCHJ ga issiqxona uchun ajratilgan 1674q-konturda joylashgan unumdorligi jihatidan 68 ballni tashkil etuvchi 0,25 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydoni atrofi g‘isht devorlar bilan o‘rab olinib, ushbu yer maydonining 0,25 gektar (2500 m2) to‘liq qismiga noqonuniy ravishda kapital qurilish asosida noturar bino inshootlar qurib, suvli ekin yer maydonidan belgilangan maqsadda foydalanmagan.

Yashnobod tumanidagi “AGRO Markaz Nur” MCHJ tomonidan hudud qishloq xo‘jaligi xaritasining 5412-konturida 0,08 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydonida uy-joy qurish ishlari bajarilgan.

“ORIENT FLOVER HOUSE”  MCHJga issiqxona uchun ajratilgan 5655q-konturda joylashgan unumdorligi 68 ballni tashkil etuvchi 0,76 gektar, shundan 0,56 gektar sug‘oriladigan ekin yer maydonida zamonaviy uy-joylar(kottedj) qurish ishlarini amalga oshirganligi aniqlandi.

Tuman zaxira yerlaridan 5492-konturda 0,002 gektar sug‘oriladigan yerda qurilish ishlari bajarilgan.

Tuzel SalohiddinF/xning 5544-konturida 0,10 gektar maydonida qurilish ishlari bajarilganligi aniqlangan.

Shuningdek, Toshkent viloyati Zangiota tumani Zangiota massivida faoliyat yuritayotgan “AL BASIR UNION”  MCHJ foydalanishida bo‘lgan yer maydonlari o‘rganilganda qishloq xo‘jaligi xaritasining 55-konturidagi 58,5 hamda 76,7 ball bonitetli sug‘oriladigan ekin yer maydonlarida qurilish ishlari amalga oshirilganligi aniqlangan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan 31 milliard 829 million so‘mdan ortiq qishloq xo‘jaligi yer maydonlariga yetkazilgan zarar hisoblandi.

Mazkur aniqlangan yer qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha Inspeksiya tomonidan 12 ta (5,69 gektar) holatda yer qonunbuzarlik holatlari, ularning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha Bektemir tuman hokimligiga taqdimnoma kiritilgan.

9 ta (1,5 gektar) holatda Ichki ishlar organlariga hamda 54 ta holatda 31,4 gektar yer maydoni bo‘yicha aniqlangan yer qonunbuzarlik holatlariga tegishli chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga maʼlumot taqdim etilgan.

Bugungi kunda idoralararo ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

F.Tuxtashev, Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i    

Text to speech