Inspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasi “Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya” bo‘limi tomonidan joriy yilning yanvar-iyun oylarida Toshkent viloyati hududida faoliyat yuritayotgan agrosanoat majmuiga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa normativ hujjatlarning talablari bajarilishiga rioya etilayotganligini o‘rganish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, hisobot davrida jami 49 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 23 ta ogohlantirish, 15 ta yozma ko‘rsatma va 11 ta maʼmuriy bayonnomalar tuzilgan.
Shundan, “Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti”, “O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi”ning Oqqo‘rg‘on tumani bo‘limi hamda O‘rtachirchiq tumanida faoliyat yuritib kelayotgan bir qator fermer xo‘jaliklariga jumladan, tumandagi “Mirzakarimov Teshavoy ota”, “Istiqlol”, “Turon” fermer xo‘jaliklari va “REAL AGRO COTTON” MCHJ klaster rahbarlariga nisbatan meʼyoriy hujjatlar talablari ijrosini taʼminlash yuzasidan 6 ta yozma ko‘rsatmalar berildi.
Quyichirchiq, Bo‘ka, Parkent va Ohangaron tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlarida “Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi Davlat markazi”ning veterinariya sanitariya ekspertiza laboratoriyalaridagi mavjud elektron tarozi va pH metrlar O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonuni talablariga asosan o‘z vaqtida davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmaganligi sababli, laboratoriya masʼul xodimlariga nisbatan aniqlangan huquqbuzarlik holati bo‘yicha maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 213-moddasiga asosan 6 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, O‘rtachirchiq tumanida pillachilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan “TURON SILK PRO” MCHJga yozma ko‘rsatma berildi hamda Oqqo‘rg‘on, Quyichirchiq va Piskent tumanlaridagi “Oltin pilla” MCHJ, “TST agro klaster” MCHJ va “JINJUZ SILK Co” MCHJlarga qonun talablarini buzishga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirishlar yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Genetika va o‘simliklarning eksperimental biologiyasi instituti” laboratoriyalaridagi mavjud elektron tarozi va pH metrlar O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonuni talablariga asosan o‘z vaqtida davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmaganligi sababli, laboratoriya boshliqlariga nisbatan aniqlangan huquqbuzarlik holati bo‘yicha maʼmuriy ishlar qo‘zg‘atildi.
“O‘simliklar genetik resurslari ilmiy tadqiqot instituti” direktori nomiga meʼyoriy hujjatlar talablari ijrosini taʼminlash yuzasidan yozma ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, Toshkent viloyati “Chirchiq-Ohangaron” ITHB huzuridagi Nasos stansiyalar va energetika boshqarmasining Chinoz, Yangiyo‘l hamda Zangiota tuman bo‘limlaridagi mavjud o‘zgaruvchan va o‘zgarmas tok kuchini o‘lchash vositalari O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonuni talablariga asosan o‘z vaqtida davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmaganligi sababli, masʼul xodimlarga nisbatan aniqlangan huquqbuzarlik holati bo‘yicha maʼmuriy ishlar qo‘zg‘atilib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 213-moddasiga asosan 3 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Shu bilan birga, “Toshkentdonmahsulotlari” AJda 1ta elektron tarozi O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonuni talablariga asosan o‘z vaqtida davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmaganligi sababli, masʼul xodimga nisbatan aniqlangan huquqbuzarlik holati bo‘yicha maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 213-moddasiga asosan 1 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
“Ohangaron don” AJning Omuxta-yem laboratoriyasida kunlik 43-shakl, yaʼni Sifat guvohnomasi yozib borilmaganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni talablari buzilganligi aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 212-moddasiga asosan 2 nafar xodimiga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Inspeksiya tomonidan bu kabi, nazorat tadbirlarining amalga oshirilishi aholi hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish, sifatli mahsulotlar sotilishini taʼminlash hamda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishda qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilmasligini taʼminlashdan iborat.
D. Ubaydullayev, “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi “Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya” bo‘limi bosh inspektori