Ру Ўз O`z En

Toshkent viloyati 2020 yil paxta yigʼim-terimi mavsumiga tayyorgarlikni yakunlamoqda

16 Sentyabr 2020 3722

Toshkent viloyati va uning tumanlaridagi mavjud 2 ta Kooperatsiya tizimidagi va 6 ta paxta toʼqimachilik klasterlariga va paxta tozalash korxonalariga qarashli 31 ta paxta qabul qilish maskanlarida 2020 yil paxtadan 229 600 tonna moʼl hosil olish koʼzlangan. Bu yil Toshkent viloyatida 1 313 ta fermer xoʼjaliklari tomonidan 73 001 gektar maydonga sifatli urugʼ qadalib, oʼrtacha 31.4% hosildorlik kutilmoqda.

Viloyatdagi paxta tozalash korxonalariga qarashli 31 ta paxta qabul qilish maskanlarida har yilgidanda bu yil paxta mavsumiga qizgʼin va puxta tayyorgarlik ishlari izchillik bilan amalga oshirildi.

Jumladan, paxta qabul qilish maskanlaridagi mavjud tarozixonalar "Oʼzstandart" agentligi tomonidan nazorat qilinib, sinov laboratoriyalaridagi asbob-uskunalar Davlat qiyoslovidan oʼtkazildi va oʼrnatilgan tartibda muvofiqlik sertifikatlari berildi. Paxta xom-ashyosini qabul qilishda muhim sanalgan kichik mexanizatsiya vositalari, gʼaram maydonlari, elektr shkaflar, yongʼin qalqonlari va suv hovuzlari, oʼt oʼchirish avtomashinalari hamda hududni yoritish vositalari qisqa fursatda taʼmirdan chiqarilib, ular uchun zarur boʼlgan ehtiyot qismlar bilan taʼminlash oʼz vaqtida amalga oshirildi.

Qolaversa, har bir maskanda joylashgan dam olish xonasi taʼmirdan chiqarilib, kerakli jihozlar va qoʼllanmalar bilan taʼminlandi. Bu kabi ishlarni amalga oshirishda paxta tozalash korxonalari mutasaddilari bilan bir qatorda Inspektsiyaning viloyat boshqarmasi hamda paxtachilik tuman boʼlim inspektorlarining ham ulushi katta.

Bu yilgi kutilayotgan paxta xom-ashyosining moʼl-koʼl boʼlishida, albatta gʼoʼza parvarishi davrida oʼz vaqtida va sifatli tarzda amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlarning oʼrni beqiyos. Jumladan, gʼoʼza parvarishi uchun zarur boʼlgan mahalliy va mineral oʼgʼitlar, gʼoʼzani sharbat usulida peshma-pesh sugʼorish, vaqtida amalga oshirilgan kulьtivatsiya va chekanka ishlari, terim oldidan amalga oshiriladigan defolyatsiya tadbirlari, zararkunanda va hasharotlarga qarshi qoʼllanilgan vositalar koʼzlangan hosildorlikni olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2020 yilni paxta hosilini nest-nobud qilmasdan, yogʼin-sochin kunlarga qoldirmay oʼz vaqtida yigʼib terib olish jarayonida viloyat boʼyicha jami 119 ta paxta terish mashinalari safarbar etilgan. Jumladan Bekobod tumanida 13 ta, Boʼka tumanida 33 ta, Oqqoʼrgʼon tumanida 29 ta, Quyichirchiq tumanida 25 ta va Chinoz tumanida 19 ta, viloyatda jami 62 ta "KEYS", 18 ta "John Deere", 39 ta MX-1,8 rusumli paxta terish mashinalari "Аgroservis MTP" MChJ, klaster korxonalari va fermer xoʼjaliklarida mavsumga shay.

Terilgan paxta xom-ashyosini oʼz vaqtida va sifatli tarzda maskanlarga tashib keltirish maqsadida, viloyatda 827 ta transport traktorlari shu bilan birga 1406 ta tirkamalar taʼmirdan chiqarilib, dalolatnomalar asosida mavsumga tayyor holatga keltirilgan.

Shu bilan birga, Inspektsiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi va tuman boʼlimi xodimlari tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi “2020 yil paxta hosilini yigʼib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi” 545-sonli qarori ijro uchun qabul qilinib, bu borada nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Toshkent viloyati boshqarmasi

Text to speech