Bug‘doy eng ko‘p tarqalgan asosiy donli ekinlardan biri hisoblanadi. Butun dunyo xalqlarining yarimidan ko‘prog‘i oziq-ovqat sifatida bug‘doy nonidan foydalanadi. Bug‘doy donining tarkibida oqsil va kraxmal ko‘p, oqsil moddalar, asosan, kleykovina tarkibida bo‘lganligi uchun uning unidan sifatli non tayyorlanadi.
Mamlakatimizning sug‘oriladigan maydonlarida yetishtirilayotgan bug‘doy navlarini ularning biologik xususiyatlarini inobatga olgan holda joylashtirish, yerni va urug‘ni ekishga tayyorlash, ekish usuli, meʼyori va muddatlari, organik va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sug‘orish, begona o‘t, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlovchi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, kuzgi bug‘doy don hosildorligini oshirish maqsadida navlarni to‘g‘ri tanlash, saralangan yuqori sifatli urug‘larni ekish talab etiladi
Sug‘oriladigan sharoitda har bir tumanning hududiy joylashuvi va mintaqalariga ko‘ra o‘ziga xos tuproq va iqlim sharoitiga ega. Shu bilan bir qatorda, yangi istiqbolli navlar uchun qo‘llaniladigan yangi agrotexnologik tadbirlar majmui shu joyning tabiiy sharoitidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilib, g‘allakorlarga tavsiya etilishi yaqin kelajakda o‘zining yuqori samarasini beradi.
Shuningdek, kuzgi bug‘doyning azotga bo‘lgan ehtiyoji butun o‘sish davri davomida yuqori bo‘ladi. Bug‘doy o‘simligida 75-80% azot boshoqlash davriga qadar o‘simlikning barg va poyasida to‘planadi. Ana shu to‘plangan azot hisobidan don tarkibidagi oqsilning asosiy qismi hosil bo‘ladi. Hosildorlik yuqori (65-70 S/ga) bo‘lganda o‘simlikning bargi va poyasida to‘plangan azot miqdori donda oqsil moddasini yetarli miqdorda bo‘lishini taʼminlay olmaydi. Ayniqsa, azot tanqisligi kuzgi bug‘doyda hosil elementlari shakllanayotgan vaqtda, yaʼni rivojlanishning boshoqlash, gullash va sut pishish davrlarida kuzatiladi.
Joriy yilda ham Toshkent viloyatida urug‘lik g‘alla yetishtirish maqsadida tanlov g‘olibi deb topilgan 158 ta fermer va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 8 ming 228 gektar maydonlarda hosildorligi yuqori bo‘lgan urug‘lik g‘alla navlari ekib parvarish qilinmoqda.
Xususan, g‘allaning hosildorligi yuqori beradigan Vassa, Aleksevich, Antanina, Grom, Bezostaya-100, Yelanchik, Temiryazovka-150 va Asr navlaridan ekilgan.
Ushbu urug‘lik g‘alla maydonlarida ekishdan tortib to shu bugungi kunga qadar azotli, kaliyli mineral o‘g‘itla bilan oziqlantirish ishlari, mahalliy o‘g‘it bilan sharbat usulida sug‘orish ishlari Agroinspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish sho‘basi hamda tuman inspektorlari tomonidan kunlik nazorat qilib borilmoqda.
Nazorat tadbirlari davomida barcha urug‘lik g‘alla yetishtiruvchi subyektlarga urug‘lik g‘alla maydonlarida kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik bajarilishi bo‘yicha ogohlantirish xatlari berilishi taʼminlandi.
Sh. Usubaliyev O‘zagroinspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasining Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining yetishtirilishini nazorat qilish sho‘ba boshlig‘i