O‘zbekistonda chorvachilik qishloq xo‘jaligining yetakchi sohalaridan biri bo‘lib, aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda alohida o‘ringa ega.
Ushbu tarmoqning qishloq xo‘jaligidagi yalpi mahsulot ishlab chiqarishdagi ulushi 46,3 foizni tashkil qiladi. Quyonchilik chorvachilikning bir tarmog‘i sifatida asosan aholi xonadonlarida ko‘paytirilib, bu soha bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari soni juda ozchilikni tashkil qiladi.
Chorvachilik qishloq aholisi uchun oziq-ovqat va daromad olishning muhim manbaiga aylanib bormoqda. Oziq-ovqatga talab ortib borayotgan ushbu kunlarda mazkur soha samaradorligini va raqobatdoshligini yana-da oshirish vazifasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Quyon ko‘p bola berishi va tez yetiluvchanligi bilan boshqa qishloq xo‘jalik hayvonlaridan ajralib turadi. Mahsulot yetishtirilishiga ko‘ra quyonlar 3 turga bo‘linadi: go‘sht, go‘sht-teri (mo‘yna) va yung olinadigan quyonlar.
Har bir ona quyondan yil davomida 5-6 marta bola olish mumkin. Bu esa 70-80 kg go‘sht va 25-30 dona sifatli mo‘yna demakdir. Go‘sht, mo‘ynadan tashqari momiq olinadi. Quyon momig‘i ingichkaligi, pishiqligi, issiqlikni o‘tkazish bo‘yicha mayin junli qo‘ylarning junidan qolishmaydi. 1kg quyon momig‘idan 25 ta bosh kiyimini tayyorlash mumkin.
Hozirgi vaqtda yurtimizda 60 dan ortiq quyon zotlari boqiladi.
Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida 2019-2021 yillarda “Quyonchilik va naslchilik” kompleksini ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tuman xokimligi tomonidan 2019 yil 25 dekabr kuni 11 gektar yer maydoni Beruniy hududidan qurilish uchun ajratilib berildi.
2020 yil 24 dekabr kuni tuman hokimligi tomonidan zahira yer maydonlaridan 254,5 gektar yer maydoni ozuqa uchun ajratilib berildi.
2021 yilga kelib “Quyonchilik va naslchilik” kompleksi qurilish ishlari yakunlanib, shu yil oxiriga “Italiya” davlatidan 2 ming 500 bosh biyanka zotli quyonlar keltirildi.
2022 yil boshida yana 3 ming bosh naslli quyonlar keltirildi hamda Ukraina davlatidan malakali mutaxassislar jalb qilinib, hozirda quyonchilik seleksiyasi, yaʼni quyonlarni sunʼiy urug‘lantirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, “Quyonchilik va naslchilik agro kompleks” MCHJ tarkibida quyon go‘shtini qadoqlash, mo‘yna va teri olish, hamda qayta ishlash korxonalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunga kelib, “Quyonchilik va naslchilik agro kompleks” MCHJda 30 ming bosh naslli quyon zotlari ko‘paytirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan quyonchilikka ixtisoslashgan korxonalarda quyonlarni saqlash va parvarishlash texnologiyalarini qo‘llanishi hamda seleksiya naslchilik ishlaridan samarali foydalanish, zot sifatini yaxshilash masalalari bo‘yicha uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
A.BOLTAYEV, “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi bosh inspektori
D.O‘KTAMOV, Inspeksiyaning Quyi Chirchiq tumani katta inspektori