Ру Ўз O`z En

Toshkent viloyatida joriy yilda 10 ming gektar maydonda tokzorlar barpo etiladi

16 Mart 2021 1986

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev viloyatlarga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining borishini o‘rganish bo‘yicha tashriflari davomida, bog‘dorchilik va uzumchilik sohasini rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalarni belgilab bermoqda.

Qishloq xo‘jaligi rivojiga qaratilayotgan eʼtibor sabab esa nafaqat bozorlarimiz to‘kin-sochinligini taʼminlanishi, balki ichki isteʼmoldan ortgan meva va uzumlarni xorijga eksport qilish imkoniyatlari yaratilmoqda.

Jumladan, bog‘dorchilik sohasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik xo‘jaligini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-1246-sonli qarori qabul qilingan.

Qaror ijrosini sifatli taʼminlash bo‘yicha viloyatda joriy yilda yangidan mevali bog‘lar va tokzorlarni barpo etish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan bo‘lib, bugungi kunda tumanlardan olingan takliflarga ko‘ra, 253 ta qishloq xo‘jalik subyektlari tomonidan 5578 gektar maydonlarda mevali bog‘lar hamda 133 ta qishloq xo‘jalik subyektlari tomonidan 10000 gektar maydonlarda esa tokzorlar barpo etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

2021 yilda yangidan mevali bog‘lar va tokzorlarni barpo etish davomida “O‘zagroinspeksiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limi tomonidan vakolat doirasida, tumanlarda barpo etilayotgan bog‘ va tokzorlarda olib borilayotgan ko‘chat ekish uchun yer tayyorlash ishlarini sifatli bajarilishi, mevali daraxt va tok ko‘chatlarini o‘z vaqtida yetkazib berilishi yuzasidan monitoring nazorat tadbirlari olib borilmoqda hamda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan yozma ko‘rsatmalar berib borilmoqda.

Shuningdek, tumanlarda yangi intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish uchun    78 ta qishloq xo‘jalik korxonalari bilan navdor, serhosil ko‘chatlar yetkazib berilishi bo‘yicha shartnomalar tuzilishi amalga oshirilgan.

Dehqonchilik ilmidan xabardor bo‘lgan tajribali fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari o‘zlarining uzumchilik va bog‘dorchilik xo‘jaliklarini tashkil etish maqsadida allaqachon qizg‘in ishlarni boshlab yuborgan.

Jumladan, bugunga qadar 199 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 3078 gektar maydonda yer tekislash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, 160 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan  2092 gektar yangidan mevali bog‘lar hamda 45 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 1158 gektar maydonda tokzorlar barpo etildi.

Viloyat tumanlarida 2021 yilda yangidan mevali bog‘lar va tokzorlarni barpo etishda bugungi kundagi ilg‘or agrotexnologiyalar asosida ishlar to‘g‘ri tashkillashtirilgan bo‘lib, kelgusida ushbu barpo etilgan bog‘ va uzumzorlarda tumanlar aholisining doimiy ish bilan band bo‘lishi hamda yetishtirilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilish rejalashtirilmoqda. Bu olib borilgan muhim tadbirlar kelgusida o‘z navbatida viloyat iqtisodiyotining yuksalishiga olib keladi.

 

Sh.Usubaliyev,O‘zagroinspeksiyaToshkent viloyati inspeksiyasi

katta inspektori           

Text to speech