Inspektsiyaning Koʼchatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlari yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi va Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 1 apreldagi “Toshkent viloyatida zamonaviy kartoshkachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida ”gi 193-son qarori ijrosi nazoratga olingan.
Xususan, Qarorda belgilangan vazifalarning oʼz muddatida bajarilishi oʼrganilganda quyidagilar aniqlandi.
Urugʼchilik sohasini rivojlantirish borasida “Sof tabiat agro” va “Oʼsimliklar texnologiyasi” MChJ bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriya qurish ishlari jadal surʼatlarda olib borilayotganligi hamda ushbu qurilish ishlari yakuniga yetkazilgandan soʼng tashkil etilgan laboratoriyada mahalliy tuproq iqlim sharoitiga moslashgan yuqori hosildorlikka ega boʼlgan urugʼlik kartoshka yetishtirish, shu jumladan, virussiz “in vitro” texnologiyasi asosida “Super elita” va “Elita” avlodlariga mansub urugʼlik kartoshka yaratish rejalashtirilayotganligi maʼlum boʼldi.
Bundan tashqari, urugʼchilik sohasida dunyoning yetakchi davlatlaridan biri boʼlgan Gollandiyaning “Agriko” va “HZPC” kompaniyalari mutaxassislari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, ushbu tashkil etilayotgan klaster tomonidan suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida, Toshkent viloyati hududida “Bostonliq kartoshkachilik markazi” MChJ QK va “Agrover-urug'chilik” MChJlar tomonidan 700 gektar maydonda Isroil davlatining “NaanDanJain” kompaniyasi tomonida yetkazib berilgan zamonaviy yomgʼirlatib sugʼorish texnologiyasini joriy etish asosida kartoshka yetishtirish yoʼlga qoʼyildi. Natijada suv sarfini 2 barobar iqtisod qilinishi va hosildorlikni oʼrtacha 1,5 barobargacha oshirilishiga erishilib u orqali mahsulot tannarxini tushirilishiga sabab boʼlmoqda.
Bugungi kunda, Respublikada urugʼlik va isteʼmol kartoshka yetishtirishni rivojlantirishda faol ishlar olib bormoqda. Jumladan, 30 ming tonnagacha kartoshka mahsulotlarini saqlash quvvatiga ega zamonaviy “Аgrosanoat logistika markazi” barpo etilishi, soatiga 25 tonna kartoshkani saralash va qadoqlash liniyasini hamda 1200 ga maydonda kartoshka yetishtirishga moʼljallangan maxsus kartoshka ekish, oʼstirish, yigʼib oluvchi va logistikasini taʼminlovchi texnika va uskunalarni ishga tushirilishi boʼyicha ishlar olib borilayotganligi aniqlandi.
"Oʼzagroinspektsiya", Koʼchatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlari yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi katta inspektori, Z.Ismatov.