Maʼlumki, kelgusi yil hosilining barakali bo‘lishida urug‘lik donning sifatli hamda talab darajasida saqlangani muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yil Navoiy viloyatida 9 717 tonna urug‘lik g‘alla urug‘lik don tayyorlovchi korxona hamda sexlarga jamg‘arildi. Mazkur jarayonlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari nazorati ostida kechdi. Jamg‘arilgan urug‘lik donni saralash va dorilash ishlarining sifatli amalga oshirilishi ham Inspeksiya viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan nazoratga olingan.
Maʼlumot o‘rnida qayd etish joiz, viloyatda urug‘lik don tayyorlash rejasi 9 717 tonna bo‘lib, uning 3 002 tonnasi «Navoiydonmahsulotlari» aksionerlik jamiyatining 1-sonli urug‘lik sexiga, 6 274 tonnasi korxonaning 2- sonli urug‘lik sexi hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan urug‘lik don esa “Karmana Elita urug‘chilik xo‘jaligi”, “Qiziltepa Elita urug‘chilik xo‘jaligi”, “Xatirchi Elita urug‘chilik xo‘jaligi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida jamg‘arilgan.
Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi inspektorlari "Navoiydonmahsulotlari” AJ da bo‘lishib, urug‘liklarni saqlash bir xilda tashkil etilganligi, omborlarda ularni saqlash talablariga qay darajada rioya etilishi ustidan nazorat olib borishdi.
- Nazorat tadbiri davomida urug‘lik donlardan namunalar olinib, urug‘lik donga qo‘yilgan davlat andozalarning talablarga javob berishi tahlil qilib borildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Abbos Rizoqulov, – urug‘lik don 2-3 martadan tahlil qilib ko‘rildi. Ularni yana-da sifatli dorilash, tarkibida begona aralashmalarni ruxsat etilgan meʼyordan oshmasligi bo‘yicha masʼul xodimlarga ko‘rsatmalar berildi.
Korxonada 2022 - yil hosili uchun jamg‘arilgan urug‘lik don kasalliklarga qarshi belgilangan kimyoviy preparatlar bilan dorilash ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda bir kunda 224 tonna, mavsum boshidan buyon esa 1 798 tonna urug‘lik donni tozalash-saralash ishlari olib borildi. Viloyat bo‘yicha mavsum boshidan buyon 1 798 tonna urug‘lik g‘alla dorilandi. Dorilangan partiyalar soni 4 tani tashkil etadi. Jumladan, “Navoiydonmahsulotlari” AJ ning 1-sonli urug‘lik sexida 589, 2-sonli urug‘lik sexida esa 1 209 tonna don dorilandi.
Taʼkidlash joizki, urug‘lik donlarni nav va avlodlar bo‘yicha dorilash ishlarining sifatli bajarilishi boshqarmaning viloyat hamda tuman bo‘limlari tomonidan muntazam nazoratga olingan. Urug‘lik sexlarida kelgusi yilga ekish uchun ishlatiladigan donga begona aralashmalar aralashib ketishi oldini olish va sifatli dorilanishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olinib, doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi
matbuot xizmati