URUG‘LIK G‘ALLA ALOHIDA
NAZORATDA
Bugungi kunda g‘allakorlarimiz tomonidan yetishtirilgan g‘allani yig‘ishtirib olish ishlari eng qizg‘in pallada. Shundan urug‘lik g‘alla maydonlarini o‘rish ishlari alohida e’tibor qaratilib inspeksiya tomonidan nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 15 iyundagi “2020 yili hosili uchun ekilgan boshoqli don hosilini o‘z vaqtida va sifatli o‘rib-yig‘ib olishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 378-son qarorida begilangan topshiriqlar ijrosini bajarish maqsadida Inspeksiya boshlig‘i tomonidan joriy yil 16 iyundagi 40-son buyrug‘i qabul qilinib, qaror ijrosining bajarilishi bo‘lim tomonidan nazorat olingan.
Mazkur qarorda 2021 yil hosili uchun hududlarda g‘allaning seleksion navlarining har bir avlodlar bo‘yicha sifatli va sara urug‘lik donni o‘z vaqtida jamg‘arish maqsadida, urug‘lik g‘alla maydonlarini o‘rish, tashish uchun alohida o‘rim-yig‘im otryadlari tashkil etildi hamda g‘allaning navdorligini saqlash, navlarning aralashib ketishini oldini olish borasida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Hududlarda har yiligidan farqli ravishda urug‘lik maydonlar uchun alohida otryadlar tashkil etilib, ularga so‘nggi yillarda ishlab chiqarilgan yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlari va tashish transportlari biriktirildi hamda ushbu kombaynlarni alohida ajralib turishi maqsadida old oynasiga ko‘k rangdagi “URUG'LIK G'ALLA-2020’’ belgisi o‘rnatilib, o‘rim ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek inspeksiyaning hududiy bo‘limlari tomonidan urug‘lik g‘allaning navdorligini saqlash maqsadida, birinchi navbatda urug‘lik g‘alla maydonlarining aprobatsiya ko‘rigidan o‘tganligi bo‘yicha tuzilgan aprobatsiya dalolatnomalari o‘rganilib, so‘ng dala chetlari o‘rib olinib tovar donga topshirilib, qolgan qismini urug‘lik don topshirish uchun o‘rish ishlari nazorat qilib borilmoqda.
Bundan tashqari har bir g‘alla o‘rish kombaynlari navdan-navga o‘tish jarayonida ishchi organlari don qoldiqlaridan to‘liq tozalanib, tegishli mutaxassislar tomonidan dalolatnomalar tuzilganidan so‘ng o‘rish uchun ruxsat berilmoqda.
Bugungi kunga kelib respublika bo‘yicha kelgusi yil hosili uchun rejadagi 293,5 ming tonna urug‘lik dondan 55,4 ming tonna yoki 19 foizga urug‘lik don jamg‘arilgan.
Shu bilan birga inspeksiyaning hududiy bo‘limlari tomonidan urug‘lik don qabul qilish ustidan kunlik nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Inspeksiyaning Don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limiga kunlik axborotlar taqdim qilib borilmoqda.
Don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi