Keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘lari yetishtirilishi sohasida samarali islohotlar olib borilmoqda, ekiladigan urug‘likning sifatiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Zotan, sifatli urug‘ yuqori hosildorlik garovidir.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021yil 10 oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-641-sonli qarori qabul qilinishi bilan urug‘chilik sohasini tartibga soluvchi bir qator nizomlar tasdiqlandi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12-iyuldagi 575-sonli qarori bilan Inspeksiyaga berilgan vakolatlardan kelib chiqib, urug‘lik paxta xom-ashyosi yetishtirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan muntazam nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyatida 2022 yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish maqsadida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra 128 ta xo‘jalik subyektlaridan arizalar qabul qilinib, shundan 99 ta subyektlar tanlov g‘olibi deb topildi.
Shuningdek, aprobatsiya jarayonlarida urug‘lik paxta yetishtiruvchi 99 nafar xo‘jaliklarning 5 ming 330 gektar maydoni urug‘lik terish uchun yaroqli deb topilgan bo‘lsa, 65 ta urug‘chilik subyektlarining 583 gektar maydoni qisman yaroqsiz qilindi. Buning natijasida, navdorligi past bo‘lgan 95 gektar, rivoji past bo‘lgan 334 gektar, shuningdek zararkunandalar bilan zararlangan va turli agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilmagan maydonlardan sifatsiz urug‘lik paxta terilishining oldi olindi.
Shu bilan birgalikda, urug‘lik paxta yetishtiruvchi subyektlarga g‘o‘za maydonlarini aprobatsiya ko‘rigiga tayyorlash maqsadida 99 ta ogohlantirishlar va bu jarayonlarda qonunbuzilishining oldi olinishi va bunga shart sharoit yaratib berayotgan holatlarni bartaraf qilish yuzasidan 8 ta tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshliqlariga taqdimnomalar kiritilgan bo‘lsa, ushbu tumanlarda hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga yozma ko‘rsatmalar berildi.
Bugungi kunda, Toshkent viloyatida faoliyat yuritib kelayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlariga qarashli paxta qabul qilish maskanlarida g‘o‘zaning 7 ta seleksion navidan 7,4 ming tonna miqdorida urug‘lik paxta qabul qilindi. Qabul qilingan urug‘lik paxta xom-ashyosining asosiy qismi korxona qoshidagi maskanlarga qabul qilingan bo‘lsa,
masʼuliyati cheklangan jamiyat sifatida faoliyat yurituvchi elita urug‘chilik xo‘jaliklarida 180 tonna miqdoridagi yuqori (elita) avlodli urug‘lik paxta qabul qilindi.
Joriy yil boshidan buyon Inspeksiyaning Toshkent viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminoti ustidan nazorat qilish sohasida jami 342 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, shundan
23 tasi tekshirish, 319 tasi esa monitoringlarni tashkil qiladi.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 167 ta ogohlantirish xatlari kiritilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 143 ta yozma ko‘rsatma,
22 ta taqdimnomalar kiritilishi taʼminlandi va 17 ta holatda to‘plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun Sud va prokuratura organlariga yuborildi.
Soha yo‘nalishida nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Sh.Usubaliyev, “O‘zagroinspeksiya”ning Toshkent viloyat boshqarmasi bosh inspektori