Ру Ўз O`z En

Urugʼlik paxtani terish tartibi haqida bilasizmi?

24 Sentyabr 2020 3746

Urugʼlik paxtani terish Oʼzbekiston Respublikasi Qishloq xoʼjaligi vazirligi hamda Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi tomonidan tasdiqlangan qoʼshma bayonga asosan aprobatsiyadan oʼtgan urugʼlik maydonlarida amalga oshiriladi.

Urugʼlik paxta maydonlarida yetishtirilgan hosilni oʼz vaqtida va uyushqoqlik bilan terish hamda kelgusi yil hosili uchun yuqori sifatli urugʼlik chigit tayyorlash maqsadida quyidagilarga eʼtibor qaratilishi lozim:

- urugʼlik paxtalar 60-70 foiz ochilgan va aprobatsiyadan oʼtgan gʼoʼza maydonlaridan navga xos boʼlgan gʼoʼza tupining 3 - 7 hosil shohlaridagi 1 - 2 oʼrinda joylashgan, toʼliq ochilgan va kasallanmagan chanoqlardan teriladi. Terim ishlariga aprobatorlar, “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUK hamda Urugʼchilikni rivojlantirish markazi xodimlari tomonidan instruktajdan oʼtgan maxsus terimchilar jalb etiladi;

- urugʼlik paxta maxsus choʼntakli, 1-kategoriyali etaklarga teriladi;

Bunda navga xos boʼlmagan oʼsimliklar va nimjon ochilgan chanoqlardagi paxtalarni etakning maxsus choʼntagiga teriladi;

- urugʼlik paxtani belgilangan tartibda sifatli qilib terilishini nazorat qilish maqsadida 50 nafargacha terimchilarga bittadan agronom-mutaxassis biriktiriladi;

- terib olingan urugʼlik paxtalarni davlat standarti talablarida topshirish maqsadida har bir urugʼchilik xoʼjaligida kunlik teriladigan paxta miqdoridan kelib chiqib 6 tonnadan 20 tonnagacha sigʼimga ega boʼlgan quritish xirmonlari tashkil etiladi;

-elita avlodli urugʼlik paxtalar maxsus qoplarga terilib, hosil yili, gʼoʼza navi, urugʼchilik xoʼjaligi nomi yozilgan holda kunning yorugʼ vaqtida topshiriladi;

-mavsum oxirigacha urugʼchilik xoʼjaligining tirkamasida faqat bitta nav va bitta avlod tashilishi nazorat qilinadi;

-elita avlod urugʼligi yetishtiriladigan maydonlarda gʼoʼza defoliatsiyasi oʼtkazish taqiqlanadi. Birinchi, ikkinchi va uchinchi avlod urugʼligi yetishtiriladigan maydonlar yarusli paxta terish mashinalarida terish koʼzlanganda gʼoʼza defoliatsiyasi yumshoq taʼsir etuvchi ruxsat etilgan preparatlar bilan hosilning kamida 40-50 foizi ochilganda oʼtkaziladi;

- urugʼlik paxtani qabul qilish jarayonida har bir maskanga tumanlar qishloq xoʼjalik boʼlimlari, Urugʼchilikni rivojlantirish markazi hududiy boshqarmalari, shartnoma asosida “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUK, paxta-toʼqimachilik klaster korxonalaridan masʼul vakillar biriktiriladi;

- “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUK mutaxassislari urugʼlik paxtani qabul qilish, jamgʼarilgan urugʼlik paxtalarni dastlabki sifat koʼrsatkichlarini prognoz tahlil qilish, saqlash, dastlabki qayta ishlash, chigitni tuksizlantirish, dorilash, qadoqlash jarayonlarining davlat standartlari hamda belgilangan reglamentlarga rioya qilgan holda bajarilishini nazorat qilish ishlariga shartnoma asosida jalb qilinadi.

Urugʼlik paxtalarni quritilgan holda, namlik va ifloslik darajasi Oz DSt 642:2013 “Urugʼlik paxta. Texnikaviy shartlar” davlat standarti talablari asosida sutkaning yorugʼ kunida kech soat 19:00 gacha topshirilishi shart.

 

“Oʼzagroinspektsiya” Аxborot xizmati

Text to speech