Ру Ўз O`z En

“O‘ZAGROINSPEKSIYA” DELEGATSIYASI   “BUTUNJAHON URUG‘CHILIK KONGRESSI”DA ISHTIROK ETMOQDA

21 May 2025 113

Ayni paytda, Turkiyaning Istanbul kongresslar markazida (ICC) Xalqaro urug‘chilik federatsiyasi (ISF), Xalqaro o‘simliklarni muhofaza qilish tashkiloti (UPOV), Xalqaro urug‘lik sinovlari assotsiatsiyasi (ISTA) hamkorligida tashkil etilgan “Butunjahon urug‘chilik kongressi” bo‘lib o‘tmoqda.

Kongressda, 100 dan ortiq mamlakatlarning vazirlik, idoralari va sohaga doir tashkilotlardan iborat jami 2000 dan ortiq vakillari ishtirok etmoqda. Nufuzli anjumanda jumladan, “O‘zagroinspeksiya” qoshidagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi davlat muassasi direktori Jahongir Karimov, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Davron Maqsudov ishtirok etmoqdalar.

Butunjahon urug‘chilik kongressida, jahon urug‘chilik savdosidagi so‘nggi o‘zgarishlar, xalqaro urug‘chilik savdosidagi jiddiy muammolar muhokama markaziga aylangan. Shu bilan birga kasbiy aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish, o‘zaro hamkorlik munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda iqlim o‘zgarish jarayonlariga mos sifat ko‘rsatkichlari yuqori navlarni yaratishning muhim ahamiyati bo‘yicha tajribalar almashilmoqda. Anjumanning o‘zaro savol-javob tarzida o‘tkazilayotgani tajribalar almashinuvida muhim ahamiyat kasb etyapti.

Shu bilan birga, Kongressda Turkiya, AQSh va boshqa yetakchi xorijiy mamlakatlar tajribalari asosida qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini yaratishning yangi usullari, nav urug‘liklarini aniqlash, taqqoslash, urug‘larni sertifikatlashtirish, ko‘paytirish, ishlab chiqarish, saqlash texnologiyalari bo‘yicha oxirgi olib borilgan tadqiqotlar bilan ilmiy-amaliy tarzda tanishtirish hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarni kengaytirish maqsad qilingan.

O‘zagroinspeksiya axborot xizmati

Text to speech