Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish maqsadida ajratilgan yer resurslaridan samarali foydalanish, noz-ne’mat yaratish evaziga aholi ma’murchiligi va bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi korxonalari zimmasidagi asosiy vazifa hisoblanadi.
Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek “O‘zagroinspeksiya” Urgut tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilayotgan monitoring-o‘rganishlar davomida amaldagi qonun talablarini qo‘pol ravishda buzayotgan, normativ-huquqiy hujjatlarga zid tarzda faoliyat ko‘rsatayotganlar uchrab turibdi.
Xususan, Inspeksiyaning Urgut tuman bo‘limi tomonidan “NASRILLO DALASI NURI” fermer xo‘jaligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi talablariga rioya etilishi ahvoli o‘rganilganda, fermer xo‘jaligiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan 54,8 ball bonitetga ega uzumzorda Beshkapa mahalla fuqarolari tomonidan noqonuniy bino va inshootlar qurilganligi aniqlandi.
Jumladan, Beshkapa-1 va Beshkapa-2 mahallalarida yashovchi uch nafar fuqarolar N.J, I.B va U.M.lar tomonidan, fermer xo‘jaligiga tegishli uzumzor noqonuniy ravishda o‘zlashtirilib, uy-joy va xo‘jalik binolari qurganligi natijasida yer resurslari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga yaroqsiz holatga keltirilgan. Mazkur holat yuzasidan fuqarolar tomonidan davlat manfaatlariga 18 mln so‘mdan ortiq zarar keltirilganligi aniqlandi.
Qonunbuzilishi holatlarini sodir etganlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga asosan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi. Yerning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun yaroqsiz holga keltirganligi natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan 18 mln 167 ming 700 so‘mlik zarar huquqbuzarlar tomonidan undirildi.