O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasining Navoiy viloyat boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 29 yilligi hamda 14 yanvar- Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri va shaxmat-shashka musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab boshqarma boshlig‘i Abdurazoq Narziev barcha xodimlarni Vatan himoyachilari kuni bilan qizg‘in tabrikladi. Milliy armiyamizning kuch-qudrati, yurtimizda harbiylarga yaratilgan imtiyozlar haqida so‘z bordi. Vatanni qo‘riqlash, unga sodiq o‘g‘lon bo‘lish har bir yigitning sharafli burchi ekani alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng boshqarma xodimlari o‘rtasida shaxmat va shashka musobaqasi boshlandi. Bayramona ruhda boshlangan bellashuv qizg‘in va murosasiz tus oldi. Quvonarlisi, bu sport turiga qiziquvchilar har biri g‘oliblik uchun astoydil bahs olib bordi. “Aql gimnastikasi” bahsida boshqarma inspektorlari Aliqul Babamurodov, Mehriddin Vohidov, Lapas Umarovlarning ancha mahoratli ekani ko‘rindi. Shashka o‘yinlarida esa Ulug‘bek Yusupov, Zafar Karimov, Ziyodulla To‘xtaevlar raqiblariga nisbatan tajribali ekanliklarini ketma-ket qo‘lga kiritgan g‘alabalari bilan isbotlashdi.
Yana bir quvonarli jihat, jamoa rahbariyatining ham sportsevar ekanligida bo‘ldi. Ularning shaxmat va shashkada ham kuchli va faol ekanligi nafaqat xodimlarga o‘rnak bo‘ldi, balki ularga yanada g‘ayrat, kuch bag‘ishladi.
Qizg‘in kechgan shaxmat o‘yinida katta inspektor A. Babamurodov 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlar bosh inspektor Mehriddin Vohidov hamda Lapas Umarovlarga nasib etdi. Shashka bahslarida esa Zafar Karimov birinchi, Ulug‘bek Yusupov ikkinchi, Ziyodulla To‘xtaev uchinchi o‘rin sohibi deb topildi.
Ayollar o‘rtasidagi shashka o‘yinida boshqarmaning moliya-xo‘jalik bo‘limi bosh mutaxassisi Dildora Qobilova birinchi o‘rinni egalladi.
Bir so‘z bilan aytganda, boshqarmada nishonlangan Vatan himoyachilari kuni qo‘shaloq bayram sifatida qalblarga muhrlandi.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati