Ру Ўз O`z En

G‘alla parvarishida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ogohlantirishlar berilmoqda

16 Fevral 2024 1539

Respublika hududlarida 2024-yil hosili uchun parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan doimiy nazoratga olib borilmoqda.

Jumladan, hududlarda 2024-yil hosili uchun 1 mln. 169 ming 775 gektar suvli maydonlarda boshoqli don ekinlari parvarish qilinayotgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu maydonlarning 1 mln. 140 ming gektari yoki 98 foizi tuplash, hamda 29 ming gektari yoki 2 foizi 3-4 barg fazasida rivojlanmoqda.

G‘alla maydonlarida bugungacha qariyb 2 marta sug‘orish ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, g‘alladan yuqori hosil yetishtirishda azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish katta ahamiyatga ega, kuzgi bug‘doy rivojlanishning dastlabki fazasidan boshlab, barcha rivojlanish fazalarida azotga ehtiyoj sezadi.

Bugungi kunda hududlarda g‘allani azotli mineral o‘g‘itlar bilan bahorgi 1-oziqlantirish ishlari (200-250 kg/ga) 587 ming 525 gektar yoki 50 foiz maydonda amalga oshirildi.

Ushbu tadbir, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Toshkent viloyatlarida jadal olib borilmoqda.

G‘allaning yaxshi o‘sishi va hosildorlik mo‘l bo‘lishida mahalliy o‘g‘it bilan oziqlantirishning foydasi katta.

Mahalliy o‘g‘itlar g‘alla maydonlariga solinganda, yerning agrokimyoviy va agrofizik xususiyatlari yaxshilanadi, namlik yaxshi saqlanadi, g‘allaning o‘sish va rivojlanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi hamda g‘alladan mo‘l hosil olish imkoniyatini yana-da oshiradi.

Bugungi kunda, g‘alla maydonlariga gektariga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarish belgilangan bo‘lib, bugungi kungacha joylarda fevral oyi uchun 47 foiz (1 mln. 663 ming tonna) mahalliy o‘g‘it g‘alla maydonlariga chiqarildi.

Soha mutaxassislari tomonidan, mavsum davomida joylarda g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi yuzasidan 116 ta profilaktik tadbirlari, 203 ta tekshirishlar amalga oshirildi.

Ushbu tadbirlar davomida 252 ta kamchiliklar aniqlanib, kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha, 78 ta ogohlantirish, 160 ta yozma ko‘rsatmalar, 69 ta taqdimnomalar berildi.

O‘zagroinspeksiya tomonidan hududlarda g‘alla parvarishida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan doimiy nazoratga olib boriladi.

Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi

Text to speech