Sohaga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida Inspeksiyaga berilgan vakolatlardan kelib chiqib, 2023-yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lgan subyektlar tomonidan kelgusi yil hosili uchun jamg‘arilgan urug‘lik paxta xomashyosining g‘aramlarda saqlanishi Inspeksiyaning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan tahlillar asosida o‘rganib chiqildi.
Natijalarga ko‘ra, 2023 yil hosili uchun 10 ta tumanlardagi 11 ta paxta to‘qimachilik klasterlari tomonidan 11 ming 840 tonna (asosiy fondga 10 ming 051 tonna va zaxira fondga 1 ming 789 tonna) miqdoridagi urug‘lik paxta xom-ashyosi jamg‘arilgan.
Shuningdek, paxta to‘qimachilik klasterlari hamda fermer xo‘jaliklarini erta va o‘rtapishar g‘o‘za navlarining yuqori avlodli (elita) urug‘liklari bilan uzluksiz taʼminlab borish maqsadida, hududlarda faoliyat yuritib kelayotgan 4 ta elita urug‘chilik xo‘jaliklari va ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan 427 tonna elita avlodli urug‘lik paxta xom-ashyosi jamg‘arilgan.
Bugungi kunda paxta to‘qimachilik klasterlari va elita urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan jamg‘arilgan 11 ming 840 tonna urug‘lik paxta xomashyosining 11 ming 530 tonnasi 56 ta g‘aramlarda, 309 tonnasi esa omborlarda saqlanmoqda.
Urug‘lik paxtani saqlash davomida yog‘ingarchilikdan himoyalash maqsadida brezentlar bilan yopilgan va qirqish-tarash, tunnel qazish ishlari yakunlanib, g‘aramlardagi haroratning barqarorligini taʼminlash uchun 729 ta g‘aramda birinchi marta, 56 ta g‘aramda ikkinchi marta 51 ta g‘aramda va uchinchi marta 23 ta havo so‘rish moslamalari o‘rnatilishi taʼminlangan.
G‘aramlarda o‘tkaziladigan profilaktika tadbirlari Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, kelgusi yil hosili uchun jamg‘arilgan urug‘lik paxta xomashyosini belgilangan talablar asosida saqlanishi bo‘yicha urug‘lik tayyorlovchi subyektlarga tegishli tartibda ko‘rsatmalar berilishi taʼminlandi.
X.Sobirov- Inspeksyaning Xorazm viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish sho‘basi boshlig‘i