O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunida suv isteʼmolchilarining majburiyatlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari belgilangan suv olish limitlari va suv isteʼmoli qoidalariga rioya etishi shart hisoblanadi.
Lekin joylarda suv isteʼmolchilarining barchasi ham qonun bilan yuklatilgan mazkur majburiyatga doim ham amal qilavermaydi.
Xususan, Inspeksiyaning Xorazm viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan joriy yilning 11 oyi davomida 2 691 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, nazorat tadbirlari davomida 2 161 ta qonunbuzilishi holatiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Jumladan, eng ko‘p Xazorasp tumanida 413 ta, Xonqada 283 ta, Qo‘shko‘pirda 251 ta, Gurlanda 229 ta qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Qonunbuzilishlarning aksariyat qismi (87 foizi) suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish natijasida sodir etilmoqda.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida ekin maydonlarini ko‘llatib sug‘orish va suvni kollektor-zovur tarmoqlariga oqizib qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmoqda- deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi bosh inspektori X.Davletov. - Qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritildi.
Shuningdek, qonun buzilishini erta oldini olish maqsadida profilaktika tadbirlarini o‘tkazishga eʼtibor kuchaytirildi. Natijada 139 ta holatda ko‘llatib sug‘orish holatlari bartaraf etildi, 68 ta holatda suvni kollektor-zovur tarmoqlariga oqizish va yana 1172 ta holatda suv isteʼmoli bilan bog‘liq shartnomalar rasmilashtirildi va boshqa qonunbuzilishlarning oldi olindi. Darhaqiqat, yuqorida taʼkidlanganidek, hududlardagi ayrim suv isteʼmolchilari belgilangan tartibga doim ham amal qilmaydi.
2022 yilning o‘tgan davri mobaynida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi ustidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan kamchilliklar yuzasidan Inspeksiyaning Xazorasp tuman bo‘limi tomonidan vakolat doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 29 ta maʼmuriy jarima, 32 ta jarima sanksiya qo‘llanildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Xazorasp tumani bo‘limi katta inspektori Qurbanov Allayor. - 34 ta holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga kiritilishi taʼminlandi.
Masalan, Xazorasp tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Xazorasp tekstil” MCHJ tomonidan limitdan ortiqcha suv olganligi Xiva tumani “Sayot” hududidagi “Saʼdulla So‘najon” fermer xo‘jaligi tomonidan esa suvni o‘zboshimchalik bilan olganligi aniqlanib, to‘plangan materiallar ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga kiritildi.
Inspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan mazkur yo‘nalishdagi nazorat va profilaktik tadbirlar davom etmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Xorazm viloyati boshqarmasi Axborot xizmati